O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Umid Ahmadjonov: Jizzaxning Zomin va Toshkentning Chimyonida sportchilarimiz uchun o’quv-mashg’ulotlar bazasi bunyod etiladi
2018-02-21 | Sport
Bundan buyon Olimpiya zaxiralari kollejlari Milliy olimpiya qo’mitasi bazasi sifatida faoliyat olib boradi…
Milliy olimpiya qo’mitasida Umid Ahmadjonov O’zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi vakillarini qabul qildi.
MOQ Prezidenti bilan uchrashuvda sport kurashlari assotsiatsiyasi rahbariyati, terma jamoalar murabbiylari va ushbu sport turi mutaxassislari ishtirok etishdi. Yig’ilishdan ko’zlangan asosiy maqsad O’zbekistonda sport kurashlarini, hususan, erkin va yunon-rum kurashlarini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat bo’ldi. O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi Prezidenti mutaxassislardan yurtimizda ushbu sport turini yanada rivojlantirish uchun nimalar qilinishi lozimligi haqida takliflarni eshitdi. Umid Ahmadjonov yurtimizda mazkur sport turi yanada taraqqiy topishi uchun rivojlanish strategiyasini yaratish borasida topshiriq berdi. MOQ rahbari sportning ushbu turini viloyatlarda ham rivojlantirish va ommaviyligini oshirish lozimligini alohida ta’kidlab o’tdi.
«Bundan buyon Olimpiya zaxiralari kollejlari Milliy olimpiya qo’mitasi bazasi sifatida faoliyat olib boradi. Xududiy musobaqalar tizimini yaratishimiz lozim. Ishni eng pastki bo’g’imlardan, hususan, bolalar va o’smirlar sport maktablaridan qayta ko’rib chiqish kerak. Mamlakatimiz rahbari sportni rivojlantirish borasida oldimizga katta vazifalar qo’ymoqda. Endi xar bir xalqaro musobaqa natijasi tahlil qilib boriladi. Yaxshi va kuchli sportchi tarbiyalab bergan murabbiylar, iqtidorlarni o’z vaqtida aniqlab, tarkibga kiritgan seleksioner mutaxassislar MOQ tomonidan rag’batlantiriladi. Kelajakda Chimyon va Zominda sportchilarimiz uchun o’quv-mashg’ulotlar bazasi bunyod etiladi», – dedi uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov.
O’z o’rnida murabbiylar o’rtada turgan muammolarni ochiq-oydin bayon etdilar. Ba’zi Olimpiya zaxiralari kollejlarida mashg’ulot zallari yo’qligi, buning natijasida sportchilar stadionlarda yoki uzoq joylarda mashg’ulot o’tkazayotganliklari ta’kidlandi. Ba’zi zallarda esa haliyam eski mashg’ulot gilamlaridan foydalanilayotganligi qayd etib o’tildi. MOQ Prezidenti yaqin vaqtlar ichida barcha muammolar bartaraf etilishini, sportchilarimiz uchun yetarli sharoitlar yaratib berishga tayyor ekanligini aytdi. Sport kurashlari bo’yicha alohida dastur ishlab chiqilishini va buning uchun barcha takliflarni ko’rib chiqishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.