O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Matbaa sanoati yanada yuksaladi

2018-02-21 | Jamiyat

Yurtimizda matbaa korxonalarining faoliyat yuritishi, rivojlanishi uchun, eng avvalo, mustahkam qonuniy asoslar yaratilganini ta’kidlash o‘rinli. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 avgustdagi «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida» farmoni, 2017 yil 17 avgustdagi «O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 dekabrdagi «O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash, shuningdek, uning faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.

Alohida qayd etish lozimki, bugun tegishli qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, zamon talablariga moslashtirish yuzasidan ham amaliy harakatlar olib borilmoqda. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 2 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida matbaa faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida», 2002 yil 27 dekabrdagi «Matbaa korxonalarini ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qarorlar loyihalari tayyorlanmoqda. Shubhasiz, buning natijasida matbaachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga yanada qulaylik va erkinliklar yaratiladi. Albatta, bu haqida uzoq gapirish mumkin.
 
Lekin, afsuski, bugun barcha matbaa korxonalari faoliyati ham bugungi kun talablariga javob beradi deb bo‘lmaydi. Chunki aksariyat korxonalarning moddiy-texnik bazasi eskirgan. Professional mutaxassislar kam. Qolaversa, aksariyat matbaachilarimizda tashabbuskorlik, sohaga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha izlanish va intilish yetishmaydi. Bu esa o‘z navbatida kitob mahsulotlarining sifatsiz chop etilishiga sabab bo‘lmoqda.
 
Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan yilning avgust oyida ijodkor ziyolilar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimidagi mavjud muammolar, chop etilayotgan kitoblar ham mazmun, ham matbaa jihatidan orqada qolgani keskin tanqid qilingan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, ya’ni 2017 yilning 13 sentyabrida davlatimiz rahbarining «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Mazkur qaror tizimdagi muammolarni bartaraf etish, sohani yangi sifat bosqichiga olib chiqish, mazmunan sayoz, milliy ma’naviyat va qadriyatlarimizga mos kelmaydigan adabiyotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatishning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar mexanizmini belgilab berdi.
 
Xususan, qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining 24-bandida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, noshirlar va matbaa xodimlari malakasini oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘rtasida qo‘shma qaror imzolangan. Hozir matbaa korxonalari xodimlarini o‘qitish, ularning malakasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv kurslarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, tez orada O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi qoshida Matbaa sanoatini rivojlantirish innovatsion Markazi o‘z faoliyatini boshlaydi. Markaz matbaa mutaxassislarining bilim va tajribalarini oshirish bilan birga, sohaga innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni jalb etishga ko‘maklashish kabi muhim vazifalarni bajaradi.
 
Bir so‘z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda barcha sohalar qatori matbaachilikka ham jiddiy e’tibor qaratilmoqdaki, bu yaqin kelajakda sohaning yuksalishi, yurtimizda jahon standarti talablariga javob bera oladigan matbaa mahsulotlari tayyorlanishi, o‘quvchi-kitobxonlar qo‘liga yanada yuqori sifatdagi kitoblar yetib borishiga xizmat qiladi.
 
Shavkat YUSUPOV,
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi
boshqarma boshlig‘i

Поделиться