O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O’zbekistonning viza siyosati NHK nigohida
2018-02-20 | Jamiyat
Yaponiyadagi NHK teleradiokompaniyasining yangiliklar dasturlarida hamda Kunchiqar mamlakat qator elektron nashrlarida O’zbekistonda xorijlik sayyohlar uchun viza berish tartibi soddalashtirilgani mavzusiga tez-tez murojaat qilinmoqda.
Xabar berilayotganidek, mamlakatimiz rahbariyati, jumladan, xorijlik mehmonlar uchun viza berish tartibotini soddalashtirish vositasida sayyohlikni yanada yuqori darajaga ko’tarish niyatidadir. 2018 yil 10 fevraldan e’tiboran respublika hukumati 39 mamlakat fuqarolari uchun sayohlik vizasi olinishi tartibini yengillashtirdi. Bundan tashqari, 7 mamlakat aholisi – Yaponiya, Isroil, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Janubiy Koreya fuqarolari vizasiz 30 kun O’zbekistonda bo’lishlari mumkin.
Yapon ommaviy axborot vositalarida qayd etilayotganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil oxirida o’z vazifasi ijrosiga kirishganidan buyon izchillik bilan mamlakatning dunyoga ochiqligini ta’minlashga yo’naltirilgan faol siyosat olib bormoqda. Bunday chora-tadbirlar milliy iqtisodiyot rivojlanishida sayyohlik jabhasining hissasini salmoqli darajada oshirishga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.
“Insoniy kapitalga - 32 milliondan ziyod aholiga ega bo’lgan O’zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va yirik mamlakat hisoblanadi. Uning Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlari YUNЕSKO Butunjahon merosi ro’yxatidan joy olgan. Amaliy islohotlar natijasida 2017 yili O’zbekistonga kelgan yapon sayyohlarining soni birinchi marotaba 9,5 ming kishini tashkil etdi”.
Xabar-maqolalarda O’zbekistonning Yaponiyadagi elchisi G’ayrat Fozilovning intervyusi tafsilotlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. O’zbek diplomati vizasiz rejim yo’lga qo’yilgani munosabati bilan yanada ko’plab yaponlar o’zbek xalqining boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishishlariga umid bildirgani ma’lum qilingan. Shu bilan birga, O’zbekiston elchisi bunday sa’y-harakatlar Toshkent va Tokio o’rtasidagi strategik sheriklik va iqtisodiy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanishiga qo’shimcha omil bo’lib xizmat qilishini ta’kidlagan.