O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda “aqlli qishloq”lar paydo bo‘lishi mumkin
2018-02-19 | Texnologiyalar
2018 yilning uchinchi choragida jahon tajribasini o’rganish asosida O’zbekistonda “aqlli qishloq” (smart village) loyihasi pilot tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Bu haqda O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishni tubdan takomillashtirish to’g’risida”gi qarori loyihasida keltirilgan.
Qayd etilishicha, “Aqlli qishloq” Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg’armasi va mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan amalga oshirish taklif etilmoqda.
Hujjatda “Aqlli qishloq” loyihasi to’g’risida boshqa tafsilotlar keltirilmagan.
Ochiq manbalarda keltirilishicha, “aqlli qishloq” deyilganda muqobil manbalardan foydalangan holda o’zini to’laligicha energiya bilan ta’minlaydigan uylar tushuniladi. Uylar shamol generatorlari, fotoelektr panellari, termonasoslar va boshqa uskunalar bilan jihozlanadi.
“Aqlli qishloq” konsepsiyasi, shuningdek, qishloq xo’jaligiga raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etishni ham ko’zda tutadi.