O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarali tashqi siyosat–rivojlanish omili
2018-02-19 | Jamiyat
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitalari tomonidan mamlakatimiz milliy xavfsizligi va tashqi siyosatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Unda asosiy e’tibor Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisi hamda Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishidagi nutqlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va ilmiy doiralar vakillari bilan ushbu uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalarning yechimlari bo‘yicha davlat tomonidan taklif etilgan asosiy yo‘nalish va zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilishga qaratildi.
Ma’lumki, Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishida xorijiy davlatlar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Ushbu ustuvor tamoyillarga tayangan holda Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. 2017 yilda Milliy gvardiya va Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etilib, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa doktrinasining ma’no-mazmuni birinchi marotaba ochiqlik xususiyatiga ega bo‘ldi. Bu esa O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati bo‘yicha prinsipial yondashuvlar, ularni qo‘llash asoslari, Qurolli Kuchlar oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy armiyamiz qurilishi va rivojlanishini davom ettirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Tadbirda tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalar jalb qilish, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar faoliyatini mas’ul kotibiyat sifatida muvofiqlashtirish, turizmni har tomonlama rivojlantirish, xorijdagi fuqarolarimiz va vatandoshlarimiz bilan tizimli ishlashni tashkil etish Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatining asosiy vazifalariga aylanishi lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan bir qatorda, har tomonlama yetuk, o‘z kasbiga sadoqatli professional yosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oldida turgan dolzarb vazifalar borasida so‘z yuritildi.
Davra suhbati davomida “O‘zbekiston Respublikasi diplomatik xizmati to‘g‘risida”, yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro normalari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari, shuningdek, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konsullik ustavi loyihasini yanada mukammallashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.