O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Akademik Azizxon Qayumov

2018-02-17 | Jamiyat

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik Azizxon Po‘latovich Qayumov 92 yoshida vafot etdi. 

A.Qayumov 1926-yili Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. 1949-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi. 

Bo‘lg‘usi olim o‘z mehnat faoliyatini 1949-yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim sifatida boshladi. 1954-yilda nomzodlik, 1962-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi. 

A.Qayumov uzoq yillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti bo‘lim mudiri, Madaniyat vaziri, Davlat kinematografiya komiteti raisi, Toshkent davlat madaniyat instituti rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar instituti direktori kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali xizmat qildi. 1995-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat olib bordi. 
1998-yildan hayotining oxirgi kunlarigacha Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining yetakchi ilmiy xodimi vazifasida sidqidildan mehnat qildi. 

XX asr o‘zbek adabiyotshunosligining ulug‘ namoyandasi Azizxon Qayumov yuksak intellektual salohiyat sohibi, atoqli olim, zahmatkash va tolmas tadqiqotchi sifatida Alisher Navoiy va mumtoz adabiyotimizning boshqa vakillari asarlarini puxta o‘rganib, bu ulkan adabiy merosni xalqimizga yetkazishda haqiqiy fidoyilik va ma’naviy jasorat ko‘rsatdi. 

Ustoz adabiyotshunosning o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganish bo‘yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari, o‘n jildlik “Tanlangan asarlar” to‘plami, shuningdek, “Navoiyga ta’zim”, “Alisher Navoiy”, “Dilkusho takrorlar – ruhafzo ash’orlar”, “Ahmad Farg‘oniy” kabi ko‘plab sermazmun asarlari kitobxonlarning ma’naviy mulkiga aylandi. 

Yorqin iste’dod va tafakkur egasi bo‘lgan akademik olim o‘z faoliyati mobaynida ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi. 

Azizxon Qayumov umrining oxiriga qadar yurtimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida faol ishtirok etdi. U o‘zining teran aql-zakovati, betakror iste’dodi, mehnatsevarligi, bag‘rikenglik va mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlari bilan adabiyot va san’at muxlislari, yoshlar orasida, butun xalqimiz o‘rtasida katta hurmat-e’tibor qozongan edi. 

Akademik A.Qayumovning mamlakatimiz ilm-fani, adabiyot va san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi. 

Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Azizxon Qayumovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 
 

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
 
A.Aripov, B.Yo‘ldoshev, M.Ahmedov, B.Nazarov

Поделиться