O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘rtacha oylik ish haqi 12.3 foizga o‘sdi
2018-02-16 | Jamiyat
2017-yilning yanvar-dekabr oylarida yurtimizda nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqini 2016-yil bilan taqqoslaganda, 12,3 foiz o‘sishga erishildi. Yollanma xodimlar daromadlari esa 12,8 foiz o‘sdi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid 2017-2019-yillar uchun Bosh kelishuv doirasida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lumot berildi.
Shuningdek, qo‘shma yig‘ilishda qayd etildiki, 2017-yil mobaynida kasaba uyushmalari organlari va mehnat inspeksiyalari tomonidan xodimlarning oylik ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar qabul qilingan. Ish beruvchilar tomonidan mehnat haqining eng kam miqdori standartlariga rioya etilishi ustidan davlat va jamoat nazorati o‘rnatildi. Bu miqdorning mehnatga haq to‘lash bo‘yicha Yagona tarif setkasining 1 razryadi stavkasidan kam bo‘lmasligi bo‘yicha nazorat olib borildi. Kasaba uyushmalari tomonidan qariyb 6700 tashkilotning ish faoliyati o‘rganilib, ularning 354 tasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Aksariyat xo‘jalik sub’ektlarida jamoa-shartnomaviy hujjatlar orqali ish haqi fondining tarif qismi oshirilishiga erishildi.
Mehnat bozorini rivojlantirish, aholi bandligiga ko‘maklashish masalalarida davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tomonidan asosiy e’tibor barqaror ish haqi va mehnat xavfsizligini ta’minlashga qaratildi. Ayniqsa, qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilari va aholining boshqa ijtimoiy zaif qatlamlari ish bilan ta’minlandi. 2017-yilda mehnat resurslari soni 18 million 672 ming 500 nafarni tashkil etib, bu borada 2016-yilga nisbatan 183,6 mingtaga o‘sish kuzatildi. Band aholining 17,3 foizini davlat sektorida mehnat qilayotganlar, 82,7 foizini esa nodavlat sektorida faoliyat ko‘rsatayotganlar tashkil etdi.