O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ronald Jeyms Pollett: O‘zbekiston har tomonlama ulkan salohiyatga ega mamlakat
2018-02-16 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan AQShning yetakchi kompaniyalaridan biri "Jeneral elektrik" korporatsiyasi vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollett yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida fikrlarini bildirdi:
– Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul, mazmunli va samarali muloqot uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Men O‘zbekiston Prezidenti bilan uchinchi marotaba uchrashyapman. Bugungi uchrashuvda Prezident Janobi Oliylari kompaniyamiz O‘zbekistonga nafaqat yuqori texnologiyali uskunalar yetkazishi, balki ularni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganish, global ta’lim resurslari va "Jeneral elektrik" kompaniyasi mezonlaridan foydalangan holda mutaxassislar tayyorlash, malakasini oshirishga oid dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
O‘zbekistonda ro‘y berayotgan barcha o‘zgarish va yangilanishlarni, mamlakatning xalqaro hamjamiyat bilan teng sheriklik asosidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini alohida qayd etmoqchiman. O‘zbekiston xalqi azaldan bilimi, mehnatkashligi va yuksak salohiyati bilan mashhur. Biz mana shunday keng imkoniyatlarga ega mamlakatda faoliyat boshlagan xorijiy kompaniyalardan biri bo‘lganimizdan mamnunmiz.
Keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit va imtiyozlar AQSh ishbilarmonlarining ham mamlakatingiz bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qiziqishini oshirmoqda. Xususan, valyuta siyosati, jumladan, erkin konvertatsiya tizimi joriy etilgani, aeroportlarda "yashil yo‘lak" yo‘lga qo‘yilgani xorijlik ishbilarmonlar va sayyohlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston menga juda yoqadi. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar haqida ko‘p o‘qiganman. Qani edi, imkoni bo‘lsa, bemalol tomosha qilardim. Bu mening orzuim.