O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiy patronaj va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga endi 5 tashkilot mas’ul
2018-02-15 | Sog‘liqni saqlash
O‘zbekistonda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va kasalliklarning oldini olishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlariga beshta tashkilot mas’ul etib belgilandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi tomonidan “Aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori asosida belgilandi.
Hujjat ijrosi doirasida endilikda joylarda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va birlamchi profilaktika ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy bo‘limlari, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari va maktabgacha ta’lim boshqarmalari bilan hamkorlikda bajariladi.
Shuningdek, ushbu tashkilotlar aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida har bir mahallada jamoatchilik asosida “Salomatlik maktablari” tashkil etadi va ular faoliyatini tizimli olib boradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining ma’lum qilishicha, inson salomatligining 85-90 foizi hayot tarzi va atrof-muhitga bog‘liq. Shu bois, qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad kasalliklarning oldini olish bo‘yicha olib boriladigan profilaktika ishlarini nafaqat xonadonda, balki o‘quv muassasalari, bog‘cha va mahallarlarda ham tashkil etib, profilaktika qamrovini yanada kengaytirish, aholida o‘z salomatligiga bo‘lgan mas’uliyatni oshirishdir.