O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kim Dong Yon: Prezident Shavkat Mirziyoyev kuchli siyosiy irodaga ega
2018-02-14 | Siyosat
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 13 fevral kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya hamraisi Kim Dong Yonni qabul qildi.
Kim Dong Yon qabuldan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat manfaatdorlik, balki o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili noyabrda Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan borgan edi. Ushbu tashrif Janubiy Koreya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlarga bo‘lgan qiziqishini tubdan oshirdi. Mamlakatingizga kelishimdan maqsad - ikki tomonlama munosabatlarni amaliy mazmun bilan boyitishdir.
Prezident janobi oliylari bilan uchrashuvda O‘zbekiston rahbarining Koreya Respublikasiga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish hamda janubiy koreyalik ishbilarmonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini beradigan qator amaliy takliflarni bildirdi.
Janubiy koreyaliklar O‘zbekistonda mamlakatni barqaror rivojlantirish, aholi turmush sifati va farovonligini oshirish maqsadida, davlatning xalq manfaatlarini ta’minlashi yo‘lida olib borilayotgan islohotlardan yaxshi xabardor. Shavkat Mirziyoyev bu maqsadlarga erishish uchun qat’iyat va kuchli siyosiy irodaga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev har kuni, har daqiqa el-yurti farovonligini o‘ylaydi. Uning rahbarlik qobiliyati va aniq maqsadga intiluvchanligi atrofdagilarga ham ruh, kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Men uning timsolida buyuk rahbar va oddiy insonni ko‘raman. O‘zbekiston xalqining Prezidentga chuqur hurmati va ishonchi aynan shu fazilat – yirik siyosatchi bo‘lish bilan birga oddiy va samimiy inson bo‘lib qolgani tufayli, deb o‘ylayman.