O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tezroq, yanada qulayroq va hammabop

2018-02-14 | Jamiyat

Avval xabar qilinganidek, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan butun mamlakat bo‘ylab yangi tuzilmaning asosiy maqsadlari va yo‘nalishlari bo‘yicha keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilmoqda, yangidan tashkil etilgan uning quyi bo‘g‘ini – Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirda “Namangan tajribasi” loyihasi asosida Xorazm viloyatida ishchi guruh samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Maqsadli tadbirlar quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilmoqda:

aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha amaldagi siyosatning mohiyati va ahamiyatini yetkazish;

mamlakatning barcha burchaklarida tashkil etilayotgan davlat xizmatlarining yangi va zamonaviy infratuzilmalari to‘g‘risida tadbirkorlik subyektlariga va aholiga tushuntirish ishlarini olib borish;

aholining keng qatlamiga, shu jumladan olis qishloq hududlarigacha yetib boradigan yuqori sifatli xizmatlarni taqdim etishning yangi va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;

Xorazm viloyati tumanlari (shaharlari)da yangi tashkil etilgan Davlat xizmatlari markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.

Shu o‘rinda, Agentlik xodimlari tomonidan Xorazm viloyati aholisi bilan yig‘ilishlar, ochiq muloqotlar va sayyor qabullar tarzida uchrashuvlar tashkil etildi, dolzarb ahamiyat kasb etadigan davlat xizmatlarini taqdim etishning yangi imkoniyatlari va mexanizmlarining mohiyati ochib berildi.

Xorazm viloyatida aholining 76 foizdan ko‘prog‘i qishloq joylarida istiqomat qiladi, shuning uchun qishloq aholisini tushuntirish tadbirlari bilan yuqori darajada qamrab olish va amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ularga yetkazish, shuningdek, sayyor qabullar o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, Agentlik xodimlari Shovot tumanining Monok shaharchasi, Gurlan tumani Chinobod qishlog‘i, G‘azavot, Hazorasp, Xonqa shaharchalari, Xiva shahrida va boshqa ko‘plab hududlarda sayyor qabullar o‘tkazishdi.

Bundan tashqari, aholi zich joylashgan hududlarda, bozor va gipermarketlarda davlat xizmatlaridan foydalanishni ta’minlashda sayyor qabullar uchun maxsus zonalar tashkil etildi.

Xorazm viloyati hokimiyati tashabbusi bilan Davlat xizmatlari markazlariga avtotransport vositalari berildi. Bundan tashqari, Agentlik xodimlari tomonidan investorlar bilan uchrashuvlar, Urganch davlat universitetida ma’ruzalar o‘tkazildi. Hayriya tadbirlarida 25 ta kam ta’minlangan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Agentlik tomonidan Xonqa tumanidagi Davlat xizmatlari markazida “Tezroq, yanada qulayroq va hammabop” deb atalgan shior bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi va tadbir barcha fuqarolar va tashkilotlarga, ayniqsa, yoshlarga Davlat xizmatlari markazlarining yangi imkoniyatlari, aholi hayot darajasini oshirishdagi roli va ahamiyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Ochiq eshiklar kuni munosabati bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha turli taqdimotlar, tanlovlar va munozaralar o‘tkazildi.

Aholi odamlarning kundalik tashvishlarini yengillashtiradigan va vaqtini hamda moddiy mablag‘larini tejashga imkon beradigan Markazlar faoliyatiga katta qiziqish bildirdi.

Поделиться