O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vazirini qabul qildi
2018-02-13 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 13-fevral kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya hamraisi Kim Dong Yonni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik barqaror sur’atlar bilan kengayib, an’anaviy do‘stona aloqalar va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Koreya Respublikasiga 2017-yil noyabr oyida amalga oshirilgan tarixiy tashrif va uning yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Janubiy Koreya o‘zaro manfaatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani va aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlandi.
O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 milliard dollardan oshdi. Tasdiqlangan "yo‘l xaritasi"ga muvofiq, bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod 60 dan ortiq investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.
O‘zaro hamkorlikning o‘tgan davrida O‘zbekiston iqtisodiyotiga Janubiy Koreyadan jami 7 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilindi, Koreya Respublikasi kompaniyalari ishtirokida 500 dan ortiq korxona tashkil etildi.
Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari va ijtimoiy sohasiga joriy etishga qaratilgan qo‘shma dastur va tadbirlar faol ro‘yobga chiqarilmoqda. Ushbu mamlakatning yetakchi mutaxassislari O‘zbekiston vazirlik, idora va tashkilotlariga maslahatchi sifatida jalb qilingan.
Madaniy-gumanitar, fan-ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi rahbariyati va xalqini Pxyonchxan shahrida qishki Olimpiya o‘yinlari boshlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi, ushbu nufuzli xalqaro sport tadbirining muvaffaqiyatli o‘tishiga tilak bildirdi.
O‘z navbatida, Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Hukumatlararo komissiya hamraisi davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mehmon O‘zbekiston rahbariyati Koreya Respublikasi fuqarolariga vizasiz tartib joriy etish haqida qaror qabul qilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu, shubhasiz, mamlakatimizga sayyohlar oqimini salmoqli darajada oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Kim Dong Yon Janubiy Koreya mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va keng miqyosli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdi.
Manba: O'zA