Bu yorug‘ dunyoni odamlarsiz tasavvur qilib bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Olam, uning jamiki moddiy va ma’naviy ne’matlari inson hayoti, yashash tarzi-yu aql-idrokiga xizmat qilishi kerak. Bu — inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Ammo... Bugungi taloto‘pli, anglash, tushunishning o‘zi oson bo‘lmay qolgan dunyoda shunday voqealar ham sodir bo‘lmoqdaki, ular mohiyatan bu mangu haqiqatga soya tashlayotgani ko‘ngilda xavotir uyg‘otadi.
Gapning indallosi: Shveytsariyaning qalin qorga burkalgan Davos shahrida har yili o‘tkaziladigan an’anaviy xalqaro iqtisodiy forumning bu yilgi yig‘ilishi o‘z ishini yakunladi. Bu an’anaga 1971-yili Jeneva universiteti professori Klaus Shvab asos solgan bo‘lib, o‘sha paytdan buyon dunyo davlatlarining rahbarlari, nufuzli siyosatdon va iqtisodchilar, xalqaro bank va moliya tashkilotlarining vakillari qish ayni zabtiga olgan paytda bu yerga to‘planib, jahon iqtisodiyotida kechayotgan murakkab jarayonlar, moliyaviy tanglik, favqulodda yuzaga kelgan yoki kelgusida kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, ularning yechimi xususida bahs yuritadilar, har bir kishi o‘z qarashlarini emin-erkin bayon qiladi. Garchi, Davosda hamma uchun taalluqli biror rasmiy hujjat qabul qilinmasa-da, turfa xil fikr-mulohazalar, taklif yoki e’tirozlar ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Shu ma’noda bu forumning, shubhasiz, o‘ziga yarasha ahamiyati bor.
Davos forumlarida har yili muhim bir mavzu yoki yangi bir fikr ustuvorlik qiladi. Bundan uch-to‘rt yil avvalgi yig‘inda “Kapital (moddiy boylik) insonga xizmat qilishdan uzoqlashmoqda, ya’ni “insoniylik qiyofasini” yo‘qotmoqda, vahshiylashib bormoqda”, degan tezis yuzaga qalqib chiqdi. Jur’at va qat’iylik bilan aytilgan bu gapga hech kim, bu yerga to‘planganlarning barchasi tushungan, dunyoda nimalar bo‘layotganini ko‘rib-bilib turgan odamlar bo‘lgani uchun ham, e’tiroz bildirmadi.
Bu gal Hindiston bosh vaziri Narendra Modi forumni ochar ekan, proteksionizm dunyoviy taraqqiyotga tobora katta xavf solayotgani to‘g‘risida ochiq gapirdi. Uning fikricha, proteksionizm tariflarning o‘sishiga, dunyo mamlakatlari o‘rtasida qo‘ptomonlama manfaatli savdo shartnomalari, hamkorlik kelishuvlari tuzilishi jarayoni to‘xtab qolayotganiga hamda transchegaraviy investitsiyalar hajmining pasayib borayotganiga sabab bo‘lmoqda. Bu noxush holat iqlimning o‘zgarishi, xalqaro terrorizm kabi xavflidir, unga bee’tibor qarab bo‘lmaydi,- dedi u.
Fransiya Prezidenti Makron forum minbarida turib, “Biz bugun mamlakatimiz fuqarolariga xato qilish, yanglishish huquqini berishimiz kerak, busiz taraqqiyotga erishish qiyin”, degan, bir qarashda kutilmagan maqsad-muddaoni aytdi. Bu gap Yevropa uchun yangilik bo‘lishi mumkin, ammo O‘zbekiston uchun emas: davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yangilik izlayotgan, yangi taklif va tashabbuslar bilan oldinga chiqayotgan odamlar, ayniqsa, yosh olimlar, harakatchan tadbirkorlarning shashtini qaytarmaslik, adashganlarni chetga surmaslik, ulardan yuz o‘girmaslik, aksincha, bunday fidoyilarga har jihatdan ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash, yanada faollikka da’vat etish zarurligini, mana, bir yildan oshdiki, takror-takror uqdirib kelmoqda.
Har qanday iste’dodli odam bir kunda yoki bir harakat bilan bilimdon yoki ishbilarmon bo‘lib qolmaydi. Dehqon ikki-uch “qovun pishig‘i”dan keyingina yer bilan tillashdigan bo‘ladi. Olim ham shunday. Buning uchun u uzoq yillar davomida tinimsiz mehnat qiladi, izlanadi, nimanidir topib, nimanidir yo‘qotadi, o‘zini, ilmini, imon-e’tiqodini sinovdan o‘tkazadi. Goh yutuqqa erishsa, goh achchiq yutqiziq, yanglishish azoblarini boshidan o‘tkazadi. Bu jarayon hamisha ham bir tekisda kechmaydi.
AQSh Prezidenti Davosdagi nutqida davlatlararo savdo aloqalari tartib-qoidalarini jiddiy qayta ko‘rib chiqish zarurligi xususida gapirdi. Rossiya delegatsiyasi safida bu yil ham moliya-bank tizimi mutaxassislari ko‘pchilikni tashkil etdi. “Sberbank” boshqaruvi rahbari German Gref bank nomidan rasmiy nonushta uyushtirar ekan, 1860 yili Germaniyada yuz bergan birinchi sanoat inqilobini eslatuvchi g‘oyani, ya’ni “sun’iy intellekt” imkoniyatlaridan yanada keng va unumli foydalanish, shu asnoda sof daromadni oshirish masalasini ko‘tardi. Mehmonlar muddaoni aniq tasavvur qilishlari uchun “Temir xotin” filmidagi Alomatxonga o‘xshash, qaddi-qomati ketvorgan Sofiya ismli go‘zal, nigohlari tiyrak, zehni baland temir robotni nonushtaxonaga o‘zi bilan birga olib keldi.
Sofiya xonim dunyo davlatlaridan kelgan mo‘tabar mehmonlar, ishbilgichlar davrasida o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi, aksincha, ular bilan dadil, temirga xos qat’iyat bilan muloqot qildi. Nonushta tashabbuskorining sun’iy intellektlardan foydalanishning ijobiy va salbiy tomonlari to‘g‘risidagi savoliga o‘ylab ham o‘tirmay, ingliz tilida biyron javob qaytardi: “Ilg‘or texnologiya – asbob-uskuna, undan turlicha maqsadlarda foydalanish mumkin. Robotlashtirish odamlar hayotini yaxshilashga doir yangi imkoniyatlarni ochadi. Ammo buning uchun insoniyat bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishi zarur. Terminator haqidagi filmlar ozroq bo‘lganida, bu narsa jamoatchilikning biz to‘g‘rimizdagi fikrini yaxshilashga yordam bergan bo‘lar edi...”.
Sun’iy robotning bu javobidan men ozroq sergaklandim, “Sberbank” rahbari esa ikki hissa xursand bo‘ldi: Sofiya xonim “sun’iy intellekt”dan foydalanish zarurligini mehmonlarga juda aniq tushuntirdi, ikkinchidan, mehmonlar dasturxonga qo‘yilgan noz-ne’matlarni ishtaha bilan tanovul qilishdi, Sofiya bo‘lsa tuz ham totmadi, bir finjon qahfa ichgani ham yo‘q, o‘zini to‘q odamlarday tutdi. Bundan xursand bo‘lgan Gref uni tog‘ chang‘isida uchishga taklif etdi. “Yaxshi, German, cho‘qqida uchrashamiz”, dedi Sofiya xotirjamlik bilan.
Keyingi paytda inson ong-tafakkuri bilan yaratilgan sun’iy robotlardan og‘ir sanoat korxonalarida foydalanishning iqtisodiy va, hatto, ijtimoiy-ma’nviy afzalligi to‘g‘risida ko‘p gapirilmoqda. Soha mutasaddilari yirik metallurgiya sexlarida, masalan po‘lat quyishda, mashinasozlikda, uy-ro‘zg‘or buyumlarini yig‘ishda sertalab ishchilar o‘rniga robotlarni ishlatish katta foyda keltirishini o‘ylab, ajabtovur rejalar tuzmoqdalar. Bu rejalarga ko‘ra, uzoq yillar davomida og‘ir va mas’uliyatli sharoitda mehnat qilib, katta tajriba orttirgan malakali quyuvchi, sozlovchi, yig‘uvchi yoki butlovchi o‘rnini ish beruvchidan maosh ham, mukofot ham, davolanishga yo‘llanma ham talab qilmaydigan, kasallikka chalinmaydigan, bo‘lar-bo‘lmasga ish tashlamaydigan, janjal ko‘tarmaydigan mo‘min-qobil robotlar egallaydi.
Bir qarashda, e’tiroz bildirish qiyin: ilmiy tafakkur, fan-texnika yutuqlari, yangi ixtirolar, izlanishlar shuni taqozo etmoqda. Hozirning o‘zida yirik zavod va komplekslarda robotlar ter to‘kib ishlayotganiga hammamiz guvohmiz: mehnat unumdorligi oshmoqda, mahsulot sifati yaxshilanmoqda, ishlab chiqarish rejalari ko‘zlangan darajada bekamu ko‘st bajarilayotir. Hech kim ishga kechikayotgani yoki takasaltanglik qilayotgani yo‘q. O‘rnatilgan tartib-intizomga robotlar so‘zsiz rioya qilishadi. Bundan hayratga tushmaslikning iloji yo‘q. Ammo, masalaning nozik bir tomoni ham bor-da...
Bugun dunyoda 200 million kishi ishsiz. Birgina Gretsiyaning o‘zida ishga yaroqli aholining har to‘rtinchisi mehnat qilish imkoniyatiga ega emas. Davos forumida rasman aytilganidek, tegishli kompaniyalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga borib robotlashtirish siyosati tufayli dunyoda 800 million kishi ish o‘rinlaridan mahrum bo‘ladi. Ularning oilalari to‘g‘risida kim g‘amxo‘rlik qiladi? Bu birinchi mulohaza.
Ikkinchisi: olimlar faqat sanoat sohasida ishlay oladigan robotlar yaratish ustidagina emas, kir yuvadigan, bolalarga enagalik qiladigan, taom tayyorlaydigan, uyni yig‘ishtiradigan, qorovullaydigan, dam olmoqchi bo‘lsangiz, musiqa chalib beradigan, muqom qilib raqsga tushadigan, ovoz chiqarib qiroat bilan kitob o‘qiydigan, qo‘shiq kuylaydigan, mushaklaringizni uqalaydigan, bolangizga alla aytadigan, yig‘loqilarni ovutadigan, tagini almashtiradigan, jiningiz suymaydigan kishi qo‘ng‘iroq qilsa, “Yo‘qlar” deb javob qaytaradigan temir yordamchilar ustida ham bosh qotirmoqdalar. Bu ro‘yxat ertaga, indinga, undan keyin yanada uzayadi, robotlarning yangi-yangi vazifalari paydo bo‘ladi: ular takomillashishda davom etadilar, oralaridan ajoyib tadbirkorlar, zukko ishbilarmonlar, dilkash suhbatdoshlar yetishib chiqishi ehtimoldan xoli emas. Balkim gapni olib qochadiganlar, tilyog‘lamachilar, mish-mish tarqatuvchilar, hasadgo‘ylar, ishbuzuqilar ham paydo bo‘lar. Oldindan bir nima deyish qiyin. Biroq... biz nima bo‘lamiz, inson, insongarchilik, imon-e’tiqod, mehr-oqibat nima bo‘ladi? Odam odam maqomida qoladimi-yo‘qmi? Sofiya xonimning “Sun’iy intellektdan turli maqsadda foydalanish ham mumkin” degan javobi ogohlikka ishora bo‘lmasin tag‘in?! Nahotki odam o‘z uyida, ona-beshigida ortiqcha bo‘lib qolsa?
Xalqimizda “Eshak semirsa egasini tepadi” degan maqol bor. G‘arb mamlakatlarida yaratilayotgan ko‘plab badiiy filmlarda sun’iy robotlar o‘z yaratuvchilariga qarshi borib, yer yuzida tiriklik chirog‘ini so‘ndirishga bel bog‘laganlari va bunga erishish ostonasiga yaqinlashib borayotganlari haqida hikoya qilanadi. Bu — shunchaki hayolotmi yo? Ertaga kech bo‘lmasmikin?
Sun’iy intellekt: sun’iy robot, sun’iy charm, sun’iy qoplama, sun’iy toladan tikilgan kiyim-bosh, sun’iy yo‘l bilan yetishtirilgan meva-cheva, oziq-ovqat mahsulotlari, sun’iy dori-darmon, sun’iy urchitish, sun’iy soch, sun’iy tish, sun’iylashtirilgan yuz-ko‘z, demakki, sun’iy tabassum... Ayrim laboratoriyalarda oila, er-xotinlik, homiladorlik masalalariga sun’iy aralashishga doir ham tadqiqotlar o‘tkazilyotgani sir bo‘lmay qoldi. Ilmiy tafakkur yana nimalarga qodir? Besh, o‘n, yigirma yoki ellik yildan keyin ayni shu yo‘nlishda qanday “ixtiro”lar bo‘ladi? Buni bugun hech kim aniq ayta olmaydi? O‘zbekistonda 2017-yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishida, odamlar bilan yuzma-yuz, ko‘zma-ko‘z suhbatlashilayotganida, har bir kishining fikri-zikriga quloq tutilayotganida yana bir muhim ma’no ham bor, meningcha: faqat bir mamlakatning emas, butun dunyoning, butun yer yuzining e’tibori, jamiki imkoniyatlarini inson omiliga, uning manfaatlariga qaratish, bu yo‘ldan chalg‘imaslik payti keldi. Aks holda, har qanday biyron va zukko Sofiya xonimlar ham vaqti-soati kelib, Alomatxondek temir xotinning achchiq qismatiga duchor bo‘ladi.
Ahmadjon Meliboyev
O'zMU dotsenti.