O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon e’tiboridagi o‘zbek musiqachisi
2018-02-12 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida dunyoning yetakchi musiqa jamoalari, nufuzli orkestrlari bilan birgalikda konsert berayotgan hamyurtimiz Behzod Abduraimov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 15-16-fevral kunlari Germaniyaning Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturi oldidan tashkil etilgan ushbu uchrashuv samimiy, iliq ruhda o‘tdi.
Yosh pianinochi Behzod Abduraimovning noyob iste’dodi, yuksak mahorati dunyodagi yetakchi nashrlar tomonidan e’tirof etilmoqda.
1990-yil Toshkent shahrida dunyoga kelgan Behzod besh yoshidan musiqa bilan oshno. U Uspenskiy nomli Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida tahsil oldi.
O‘qishni AQShning Park University huzuridagi xalqaro musiqa maktabida davom ettirgan Behzod 2009-yilda Londonda bo‘lib o‘tgan xalqaro yosh fortepyanochilar tanlovida Gran-pri sohibi, 2010-yili Germaniyaning Kissinger Sommer tanlovi sovrindori bo‘ldi.
So‘nggi yillarda B.Abduraimov jahondagi eng yetakchi simfonik orkestrlar, mohir dirijyorlar bilan konsert dasturlari, musiqiy loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
– O‘zbekiston tarixi, madaniyati, ilm-fani g‘oyat boy mamlakat, – dedi yosh pianinochi. – Ko‘plab iste’dodlarga Vatan bo‘lgan bu zaminda klassik musiqaga bag‘ishlangan yirik festival tashkil etishni, shu bilan birga o‘zbek milliy mumtoz asarlarini fortepyanoda ijro etishni orzu qilaman. Negaki, musiqa har bir insonga suv va havo singari zarur bo‘lgan bebaho ne’matdir.
Nazokat Usmonova, O‘zA