O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Kann kinofestivalida ishtirok etadi
2018-02-12 | Madaniyat
Fransiyada o‘tadigan 71-Kann xalqaro kinofestivalida ilk bor “Uzbekistan” paviloni tashkil etiladi.
2018-yilning 8-19-may kunlari Fransiyaning mashhur Kruazet bulvaridagi Festivallar va kongresslar saroyida o‘tkaziladigan xalqaro kinofestivaldagi yurtimiz paviloni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi tomonidan tashkil etilmoqda.
Bu borada Kinematografiyani rivojlantirish markazi Kann kinofestival direksiyasi bilan shartnoma imzolagan.
Har yili tashkil etiladigan kinofestival kino olamidagi asosiy madaniy voqealardan biri hisoblanadi. O‘tgan yilning o‘zida mazkur tadbirda 118 mamlakatdan 12 mingdan ortiq ishtirokchi ro‘yxatga olingani festival nufuzi ortib borayotganidan dalolatdir.
Pavilon qatnashchilari mehmonlarga O‘zbekiston kinoijodkorlarining filmlari hamda mamlakatimizning kino sanoati haqida ma’lumotlar taqdim etadi. Shu yerda 2018-yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan, joriy yildan boshlab xalqaro kinofestival maqomini olgan “PROlogue” loyihasi taqdimoti ham o‘tkaziladi.
Mazkur voqea yoshlar tashabbusining davlatimiz rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlayotganining amaliy ifodasidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA