Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi va davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan seminar-treningda shu haqda so‘z bordi.
"Bankrotlik to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar ayrim sabablarga ko‘ra ish faoliyati to‘xtagan, bankrot, deb topilgan tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat eshiklarini ochdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda poytaxtimizda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan 500 nafardan ortiq jismoniy shaxsning 8,6 milliard so‘m umidsiz soliq qarzi mavjud. Mazkur qarzdorlikni bankrotlik tamoyili orqali hisobdan chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida faoliyati to‘xtab turgan yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z faoliyatini yana davom ettirishi uchun yo‘l ochiladi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan shu yilning birinchi choragi yakuniga qadar bankrotlik ochishga doir arizalar kiritilsa, birinchi yarim yillikda hisobdan chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Yilning ikkinchi yarmidan boshlab ushbu tadbirkorlik subyektlari o‘z ishini davom ettirishi mumkin.
Seminarda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan, umidsiz soliq qarzi mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslarga nisbatan bankrotlik tamoyilini ochish bo‘yicha iqtisodiy sudga ariza kiritilishi masalalari ko‘rib chiqildi. Bankrot deb topilgan korxona va tashkilotlarning soliq qarzini undiruvni subsidiar tarzda rahbar yoki ta’sischilarga qaratishda Fuqarolik sudlariga kiritilayotgan arizalarda uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf etish masalalari muhokama etildi.
Sudyalar sud boshqaruvchilari tomonidan bankrot tamoyili qo‘llanilgan xo‘jalik subyektlarini tugatish jarayonining qonunda belgilangan muddatlarda tugatilmasdan qolinishiga sabab bo‘layotgan muammolar va ularni hal etish masalariga alohida e’tibor qaratdi.
– Avvallari yakka tartibdagi tadbirkorning muddati tugagan bo‘lsada, uni bankrotlikka berish amaliyoti mavjud emasdi. Bu qonunchiligimizda yo‘q edi, – deydi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi vazifasini bajaruvchi Ilhomjon Rajabov. – Endilikda sobiq yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham bankrotlik ishi qo‘zg‘atiladigan bo‘ldi. Agarda yakka tartibdagi tadbirkorning nomida yagona turar joyi bo‘lsa va unda oila a’zolari bilan doimiy ro‘yxatda tursa, undiruv ushbu mol-mulkka nisbatan qaratilmaydi. Sohaga kiritilayotgan bu kabi o‘zgartirishlar sud organlarining ishi samaradorligini oshirish bilan birga, qarzdor va kreditorning huquqlarini ham himoya qilishga xizmat qiladi.
Seminarda bugungi kunda uzoq vaqtdan beri tugatilmasdan turgan 225,4 milliard so‘m soliq qarziga ega 129 korxonaning sud boshqaruvchilari hisoboti eshitildi. Ulardagi muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, tugatish bo‘yicha aniq muddatlar belgilab olindi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA