O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Eskalatorni Navoiy kashf qilganmi yohud Navoiy asarida «jeleznыy chelovek»

2018-02-08 | Jamiyat

“Inson hamisha o‘z hayotidagi muammolarni oson hal qilish maqsadida yashaydi. Uzoq masofalarni qisqa vaqtda bosib o‘tish, kuchli raqibni osongina yengish, istagan kishisini xohlagan vaqtida ko‘rish kabi g‘oyalar inson xayolining mahsulidir.

Har qanday kashfiyot, avvalo, xayolda paydo bo‘ladi. Navoiy ham butun hayoti davomida mutafakkir shaxs sifatida hayotiy muammolarning ilmiy yechimini topishga uringan.
“Sab’ai sayyor” dostonida Zayd haqidagi hikoya keltiriladi. Hunarmand usta bo‘lib, podshoh Zaydga taxt yasashni buyuradi. Uning boshqa taxtlardan farqi hamma qismlarining tilla ekanida. Bu taxt podshoh amri bilan harakatlangan. Podshoh taxtning birinchi zinasiga oyoq qo‘ysa, zinaning o‘zi uni taxtga olib chiqib qo‘yadi – bu zamonamizdagi eskalator edi!
 
Mashhur sharqshunos Bertels 1948-yilda “Navoiy” deb nomlangan monografiyasini e’lon qiladi va eskalator hamda avtomobil Navoiyning kashfiyoti ekanini alohida ta’kidlab o‘tadi. Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida “jomi Jamshid” haqida gap boradi. U Iskandarning to‘rt yuzdan ortiq olimi tomonidan kashf qilingan. U insonga xohlagan odamini istagan vaqtda ko‘rsata olgan – televizor. Muallif kanalli televideniyeni o‘ylab topdi. Jomi Jamshidda Farhod Shirinini ko‘rishi mumkin emas. U Shirinni ko‘rish uchun Ahriman devni yengadi va yurtiga qaytib, xazina sandig‘idagi ko‘zguda Shirinni ko‘radi.
 
Farhod Yunonistonga safar qilganda u yengishi kerak bo‘lgan to‘siqlardan biri temir odamlar edi. Temir odamlarning o‘rtasida eng kuchlisining ko‘ksida ko‘zgu bo‘lib, Farhod yoyi bilan ana shu ko‘zguni nishonga olishi kerak. Agar u nishonga to‘g‘ri ursa, markazdagi temir odamning atrofidagi yuztasi ham u bilan birga yiqiladi. Demak, shoirning o‘sha fantaziyasi bugungi programmalashgan robotlar g‘oyasiga doyalik qilgan deyish mumkin.
 
“Farhod va Shirin” dostonida har bir voqea-hodisaning ro‘y berish vaqti tafsiloti bilan aniq yozilgan: vodiy, oqar suv, maysalar... Bu tafsilotlarni bugungi kun o‘quvchisi anglasa, kinossenariyni ko‘radi.
 
Dostonda Farhod uchun yana bir mushkul vazifa – og‘zidan o‘t sochuvchi dahshatli dev Ahrimanni yengish edi. Donishmand Suhaylo butun umri davomida tog‘dagi giyohlardan olovga qarshi yog‘ yig‘adi. Farhod Ahriman bilan jangga chiqishidan avval o‘zining va otining tanasiga ana shu yog‘ni suradi. Natijada olov unga ta’sir qilmaydi. Bugungi kunda biz filmlarda yonayotgan holatda yugurayotgan aktyorlarni ko‘ramiz. Aktyorlar tanasiga maxsus yog‘ surib olishgani uchun ularga olov hech qanday ta’sir qilmaydi.
 
Ma’lumki, ajdodlarimiz foydalangan “usturlob” – yerdan turib osmondagi sayyoralarni kuzatish uchun o‘ylab topilgan qurilma. Bugungi kundagi teleskop. Fanda teleskop XVII asrda Galileo Galeliy tomonidan kashf etilgan. Navoiy dostonida usturlob yerdan osmonni kuzatuvchi qurilma emas, osmondan yerni kuzatuvchi qurilma – nuj sifatida tasvirlagan.
 
Shoir Xusrav Dehlaviyning “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar shaffof kemasida suvosti hayotini o‘rganganini aytadi va shu o‘rinda bunday tasvirga ishonish mushkul, degan fikrni bergan. Mazkur fikr bilan daho ijodkorimiz uchun yangi yaratiqlarga asos bo‘lgan kelajak kashfiyotlarini ishonarli tasvirlash asosiy mezon bo‘lgan, deyish mumkin.
Xullas, Navoiyning lirik va liro-epik asarlarida shoir dahosi naqadar cheksiz fantaziyaga ega ekani ko‘rinadi. Bu fantaziyalarni Bertels, Omonullaxon Valixonov, Ra’no Ibrohimova kabi olimlar ham e’tirof etgan. Biz ayrim qo‘shimcha ma’lumotlarni kuzatgan holda ularning mulohazalarini rivojlantirdik”, deya muallim mavzuga yakun yasadi. 
Har bir darsda ana shunday betakror fikr va mulohazalari bilan talabalarni lol qoldiradigan va ular mehrini qozongan jonkuyar ustoz Omonulla Madaevning so‘zlarini shosha-pisha daftariga tushira olayotgan talabalar Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning jurnalistika fakulteti talabalari edi.
 

Inobot Ahatova, O‘zA

Поделиться