O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning qoshidagi Ixtirochi ayollar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan "O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi" birinchi tanlovining yakuniy bosqichi doirasida Toshkentdagi Turin politexnika universitetida ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda tanlovning final bosqichida qatnashayotgan xotin-qizlarning ishlanmalari, ilmiy izlanish va tadqiqotlari namoyish etilmoqda.
Hududlardan saralab olingan eng yaxshi ilmiy-tadqiqot va ishlanma mualliflari yetakchi ekspert va mutaxassislar huzurida o‘z izlanishlarining taqdimotini o‘tkazib, ixtirolarining o‘ziga xosligi, noyob jihatlari xususida ma’lumot berish imkoniga ega bo‘ldi.
Mazkur tanlov natijasida iqtidorli xotin-qizlarning tegishli soha korxonalarining ilmiy, texnik va texnologik masalalari bo‘yicha olingan patenti asosida innovatsion loyihalar tayyorlanadi. Shu bilan birga Innovatsion rivojlanish vazirligi, agentliklar, xolding kompaniyalari, aksiyadorlik jamiyatlari, sanoat korxonalari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarda tadqiqotchi ayollar o‘z loyihalari bilan qatnashishi bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi.
– Tadqiqotchi qizlarimiz tomonidan yaratilgan ushbu qurilma "Zakovat" deb nomlanadi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti o‘qituvchisi, loyiha rahbari Mohigul Jo‘rayeva. – Plastmassa detallardan iborat bu qurilma kislorod yetishmovchiligining oldini olish, organizmning ko‘z ilg‘amas imkoniyatlarini ishga tushirishda yaqindan yordam beradi. "To‘qimalarda surunkali gipoksiyani kamaytirish usuli" deb nomlangan loyihamiz yurak-qon tomir tizimi, o‘pka, reproduktiv xastaliklar, keksalardagi ateroskleroz kasalliklarida qabul qilinadigan dori preparatlari miqdorini kamaytirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Urganch davlat universitetining kimyo kafedrasi dotsenti To‘xtaposhsha Abdurahmonova yaratgan elektron darslik kimyo fani bo‘yicha o‘qitish uslubini tizimli tarzda yanada takomillashtirish, turli moddalar ishtirokidagi reaksiyalarning natijasini virtual laboratoriya mashg‘ulotlari asosida kuzatib borish, bilim va mahoratni yanada boyitish imkonini beradi.
Mazkur ko‘rgazma farmatsevtika, ta’lim, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, inklyuziv ta’lim, tadbirkorlik, fizika, kimyo va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha turli ishlanmalarga, izlanish va tadqiqotlarga boyligi bilan ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA