O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sayyohga viza shart emas
2018-02-07 | Turizm
2018 yilning 10 fevralidan boshlab fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni yana yettitaga ortadi va jami 16 taga yetadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo’yicha qo’shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoniga asosan, yuqoridagi sanadan e’tiboran Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolariga yurtimiz hududiga kirish sanasidan boshlab 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etiladi.
Shuningdek, ushbu farmon bilan 39 davlat fuqarolari uchun sayyohlik vizalarini rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi. 10 fevraldan boshlab O’zbekistonga taklif qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati yoki turistik vaucherni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etish talabi bekor qilinib, vizani rasmiylashtirish muddati hujjatlar qabul qilingan kunni hisobga olmaganda, ikki ish kunidan oshmasligi belgilandi.
Yurtimizga keluvchi sayyohlar uchun yana bir qulaylik shundaki, yuqoridagi hujjatga asosan, 2018 yilning 1 iyulidan boshlab mamlakatga elektron kirish vizalarini berish tizimi ham ishga tushadi.