O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 12-dekabr kuni mamlakatimiz tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda “Aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada yaxshilash, xalqimizni tibbiyot tizimi faoliyatidan rozi qilish – barchamizning eng muhim vazifamizdir”, deya ta’kidlagan edi.
Joriy yilda tibbiyot sohasida amalga oshiriladigan ishlar ayni maqsadlarga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda vazirlik tizimidagi 310 tibbiyot inshootida qurilish, rekonstruksiya, kapital ta’mirlash va ularni jihozlash uchun 803,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda shifoxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sohaga yangi texnologiyalarni tatbiq etish borasidagi loyihalar doirasida o‘tgan 2017 yili Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 181 davolash-profilaktika muassasasida 552,6 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan edi.
Joriy yilda bu sohadagi ishlar ko‘lami yanada kengayishi kutilmoqda. Shuningdek, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
Shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlar, tumanlar va muassasalar bo‘yicha tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganib chiqildi.
Bu tahlil natijalari olis hududlarda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligini ko‘rsatdi. Shuningdek, sohadagi boshqa kamchilik va muammolar ham o‘rganildi. Tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hududlarga maqsadli yo‘naltirildi.
Joriy yilning yanvar oyida tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 7-bosqich bakalavriat bitiruvchilari muddatidan oldin yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazildi. Ulardan 1 ming 811 nafari umumiy amaliyot shifokori sifatida ishga yo‘llanma oldi. Buning natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida umumiy amaliyot shifokorlariga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplandi.
Bundan tashqari, 926 nafar 2-bosqich klinik ordinatura bitiruvchilarini tor soha mutaxassisi sifatida ishga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yil tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida bakalavriat bosqichining 6-kursida tahsil olayotgan talabalar ham o‘qishni yakunlagach, ishga yo‘l oladi.
Joriy yildan boshlab pensiya yoshidagi shifokorlar mehnat faoliyatini davom ettirsa, ularga oylik maosh va pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi. Bu tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholiga to‘liq va keng xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Bu amaliy sa’y-harakatlar natijasida joriy yilda umumiy amaliyot shifokorligi bo‘yicha bo‘sh o‘rinlar 82 foiz, tor mutaxassisliklar bo‘yicha esa 55 foiz qoplanishi kutilmoqda.
Yurtimizda Yagona tibbiyot axborot markazi va «Aqlli tibbiyot» tizimini joriy etish ishlari boshlab yuborildi. Ishga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish, Sog‘liqni saqlash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari xodimlaridan iborat ishchi guruhlar jalb etilgan.
Yagona markaz va «Aqlli tibbiyot» tizimining joriy etilishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi. Ular yo‘lga qo‘yilishi bilan kasalliklarni barvaqt aniqlash darajasi oshadi va kasalliklarning masofali profilaktikasi joriy etiladi.
Yagona tibbiyot axborot markazi – bu bemorlarning ambulatoriya kartalari va kasalliklar tarixi elektron ma’lumotlar bazasi hisoblanadi. Barcha tibbiyot muassasalari shifokorlari uchun axborotdan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu davo choralarini tayinlash uchun bemor haqidagi tibbiy ma’lumotlarni darhol olish va foydalanish imkonini beradi. Bunda shifokor faqatgina bemorning so‘zlariga tayanmasdan, unga boshqa mutaxassislar tomonidan qo‘yilgan tashxislarni ko‘rib, xulosa chiqaradi.
«Aqlli tibbiyot» shifokorga bemor haqida to‘liq ma’lumot beruvchi tizimdir. Bemorning tanasiga mustahkamlangan maxsus chip yoki brasletlar, u qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, salomatligi, tana harorati, arterial qon bosimi, qondagi qand miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar, elektrokardiogramma haqidagi muhim ma’lumotlarni shifokorga yuborib turadi. Bunday axborot surunkali va yashirin kechuvchi kasalliklarni aniqlash, bemorning salomatligi holatini monitoring qilish, profilaktik davo choralarini tayinlash uchun qo‘l keladi.
Yagona markaz va «Aqlli tibbiyot» tizimining ishga tushirilishi tashxis qo‘yishga ko‘mak beradigan zamonaviy komputer yordamchi dasturlarini amaliyotga joriy qilish imkonini beradi.
Bu kabi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi bemorlarni davolashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha keng imkoniyatlarni ochadi. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich, tizimli amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Sohadagi bu ezgu amallar millat genofondini yaxshilash, salomatlik ko‘rsatkichlarini ijobiy tomonga o‘zgartirish, ona va bola salomatligi muhofazasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Barno Meliqulova, O‘zA