O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Murojaatlarning 12,6 foizi bemorlar va ularning yaqinlariga qo’pol munosabat haqida bo’lmoqda
2018-02-06 | Sog‘liqni saqlash
O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligining hay’at yig’ilishida bu holatga alohida e’tibor qaratildi.
Videoselektor tarzida o’tgan yig’ilishda Qoraqalpog’iston Respublikasi sog’liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar sog’liqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar sog’liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, Respublika davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari, oliy o’quv yurtlari rektorlari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari direktorlari qatnashdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sog’liqni saqlash sohasi mutasaddilari bilan bo’lib o’tgan videoselektor yig’ilishlarida shifoxonalardagi holatlar, tibbiyot xodimlarining kasbiy etikasi, aholining ehtiyojlari va haqli talablariga befarq munosabatda bo’layotgan ayrim rahbar xodimlar mas’uliyatini oshirishda ijro intizomi va nazorati alohida o’rin tutishi ta’kidlangandi.
Shu munosabat bilan hay’at yig’ilishining birinchi masalasi aholidan kelib tushayotgan murojaatlar tahliliga bag’ishlandi. Ta’kidlanganidek, Prezident Virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlarning tibbiyotga tegishli qismi o’rganilganda, ularning 12,6 foizi aynan sog’liqni saqlash xodimlari harakati, bemor va uning qarindoshlariga nisbatan qo’pol muomalada bo’linayotgani haqida ekani ma’lum bo’ldi.
Xususan, Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi travmatologiya bo’limida davolanayotgan bemor tomonidan yuborilgan murojaat o’rganilganda ham shifoxonada ayni shu kamchiliklarga yo’l qo’yilayotgani aniqlandi. Bemor va uning qarindoshlari bilan o’tkazilgan suhbat jarayonida shifoxonaning travmatologiya bo’limi mudiri T.Tog’ayev va hamshira M.Tolipova haqiqatan ham tibbiyot xodimi deontologiyasi talablarini qo’pol ravishda buzib kelgani ma’lum bo’ldi.
– Bugun biz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yangicha ishlash tizimiga o’tayapmiz. Ya’ni ishimizga bahoni xalq beradigan, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qiladigan tizimga, – deydi sog’liqni saqlash vaziri A.Shodmonov. – Hayotning o’zi oldimizga inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo’ymoqda. Har bir rahbar xodim xalq dardi, xalqning hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilishi shart. Shu kabi holat boshqa tibbiyot muassasalarida ham sodir bo’lmasligi, barcha o’ziga tegishli xulosa chiqarishi uchun mazkur masala muhokamasini bugungi navbatdan tashqari bo’layotgan hay’at yig’ilishimizning bosh masalasi sifatida olib chiqdik.
Yuqorida ko’rsatilgan kamchiliklarga yo’l qo’yilganligi hamda shifoxonada ma’naviy muhit buzilganligi, tibbiyot xodimlari o’rtasida etika, deontologiya masalalari talabga javob bermaganligi uchun Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokori S.Alimov, shifoxonaning bosh hamshirasi Sh.Alimova, travmatologiya bo’limi mudiri T.Tog’ayev va travmatologiya bo’limi hamshirasi M.Tolipova o’z vazifalaridan ozod etildi.
Yig’ilish yakunida har bir tibbiyot xodimining asosiy vazifasi aholi salomatligini yanada yaxshilash, oilalarga kirib borgan holda muloqot o’rnatish, kafolatlangan hamda boshqa tibbiy xizmat turlarining o’z vaqtida va ko’ngildagidek ko’rsatilishini ta’minlash ekani yana bir bor ta’kidlandi. Tibbiyot xodimi faoliyati samarasi xalq fikri orqali baholanadigan tizim shakllantirish, bunda tibbiyotning barcha bo’g’inini kompleks rivojlantirish lozimligiga e’tibor qaratildi.
Mohigul Qosimova, O’zA