O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtisodiyot vazirligi: Yog‘-moy mahsulotlari narxining asossiz oshishiga qarshi chora ko‘rilmoqda
2018-02-06 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi mutaxassislarining O‘zAga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, respublikada aholini arzon va sifatli yog‘ bilan ta’minlash maqsadida o‘simlik moyi ishlab chiqaruvchi tadbirkor va korxonalar importdan olib kelingan xom ashyo asosida ishlab chiqargan hajm uchun 1 yil mobaynida qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etildi.
Buning natijasida chetdan olib kelingan xom ashyoning narxi 20 foizga arzonlashadi. Shuni hisobga olib, jamiyat korxonalari tomonidan yil davomida 80 ming tonna moyli xomashyo resurslari olib kelinishi rejalashtirilmoqda. Mazkur xomashyoni qayta ishlash natijasida 30 ming tonna o‘simlik yog‘i olinishiga va mavjud quvvatlardan foydalanish darajasining 15-20 foizga oshishiga erishiladi.
Kam ta’minlangan oilalarga o‘simlik moyi mahalliy hokimliklarning taqsimotiga binoan ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan yetkazib beriladi. O‘simlik moyini sotish mavjud resurslardan va hududlar aholisi ehtiyojidan kelib chiqqan holda birja savdolari orqali amalga oshiriladi.
Yangi tartibga muvofiq sanoatda qayta ishlashga mo‘ljallangan ekstraksiya paxta moyi istisno tariqasida faqatgina “O‘zpaxtayog‘” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarga birja savdolari orqali sotiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA