O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kosonsoy tumanida kuzatilgan ovqatdan zaharlanish holati barqarorlashtirilmoqda
2018-02-06 | Sog‘liqni saqlash
Namangan viloyati Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo’limiga 5 fevral kuni tongi soat 6:00 dan 12:00 ga qadar ko’ngil aynishi, qayt qilish, bosh og’rig’i va umumiy holsizlik kabi kasallik belgilari bilan tibbiy yordam so’rab 36 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ular o’tkir gastroenterit, toksikoinfeksiya tashxisiga gumon qilinib, shifoxonaga yotqizilgan.
Bemorlar bilan o’tkazilgan suhbat davomida barcha bemorlar o’z kasalliklarini 4 fevral kuni soat 12:00-13:00 oralig’ida Kosonsoy tuman markaziy dehqon bozorida noma’lum shaxs tomonidan uy sharoitida tayyorlangan kala-pocha go’shti va xasip taomini xarid qilib, iste’mol qilish bilan bog’lagan.
Ushbu holat yuzasidan Sog’liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasi zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.
Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o’rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o’z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko’rsatish maqsadida Sog’liqni saqlash vazirligining mas’ul mutaxassislarilari, jumladan, Respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori A.Abdushukurov, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori o’rinborsari A.Shukurov va bo’lim boshlig’i U.Ismailov, Andijon tibbiyot institutining bir guruh yetakchi mutaxassislari Namangan viloyati Kosonsoy tumaniga yuborilgan.
Kosonsoy tuman dehqon bozorida sanitariya-epidemiologiya xizmati, Ichki ishlar va Soliq organlari mutaxassislari bilan profilaktik tadbirlari olib borilmoqda.
Shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og’ir bemorlar yo’q, ularga malakali tibbiy yordam ko’rsatilmoqda.