O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Taxtako‘pir tumanida paxta ekiladimi?
2018-02-06 | Iqtisodiyot
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 15-16-dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Qo‘ng‘irot va Taxtako‘pir tumanlarini asosan chorvachilikka ixtisoslashgan hududga aylantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Xo‘sh, endi bu tumanlarda paxta ekiladimi yo yo‘q? Bu savolga Taxtako‘pir tumani hokimi J.Adilov bunday javob berdi:
– Tumanda umuman paxta ekilmaydi emas, ekiladi. Lekin, paxta yer maydonlarini yilma-yil kamaytirib boramiz. Chorvachilik kutilgan natijani berib, yo‘lga tushib ketgunga qadar, vaqtincha paxta ekish bo‘yicha taklif bildirganmiz. O‘tgan yil paxtadan yaxshi daromad oldik. Paxta yig‘im-terim mavsumida ko‘pchilik ish bilan ta’minlandi.
2018-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, tumanda jami 32 ming 655 gektar ekin maydoni bo‘lib, uning 16 ming 752 gektariga joriy yil uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Ya’ni, 80 gektar yerga achchiq qalampir, 2 ming 600 gektar yerga qizilmiya, 3 ming gektar yerga paxta, 4 ming 400 gektar maydonga kuzgi bug‘doy, 100 gektar yerga kartoshka, 250 gektar yerga poliz ekinlari, 30 gektarga soya, 5 ming 775 gektarga sholi, 350 gektarga beda, 76 gektar yerga lavlagi va 396 gektar maydonga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladi.
Kelajakda tumanimizda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, dehqonchilik va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, issiqxonalar qurish, asalarichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari tayyorlash kabi yangi loyihalar rejalashtirilmoqda. Tumandagi eng ahamiyatli yangilik – “Agro kompleks Qoraqalpog‘iston” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Amerika qo‘shma korxonasi qurilmoqda.