Ilk bor “Yoshlar” uylarini sotib olishning ochiq elektron navbat tizimi ishga tushirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish yo‘li bilan ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida “Yoshlar” uylarini taqsimlashning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan “Yoshlar” uylarini sotib olishning elektron navbat tizimi test rejimida ishga tushirildi.
Mazkur elektron tizim Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi huzuridagi Respublika komissiyasi tomonidan hisobga qo‘yilgan nomzodlar elektron navbatda qayd etiladi hamda xududlardagi uylarning topshirilish jarayoniga qarab nomzodning navbat raqami tizimli ravishda o‘zgarib boradi. Ushbu tizim yosh oila vakillariga uyidan chiqmagan holda o‘z navbatini unga berilgan maxsus ID-KOD asosida muntazam ravishda kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qolaversa, “Yoshlar” uylaridan birini sotib olish uchun hujjatlarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) Kengashiga taqdim etgan nomzodlar hududiy hamda Respublika komissiyalari ishini onlayn kuzatib borishning ham elektron tizimi test rejimida ishga tushirilmoqda. Mazkur tizim orqali yosh oilalar hududiy va Respublika komissiyalari xulosasi bilan shaxsan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu o‘z navbatida shaffoflikni ta’minlash bilan bir qatorda, munosib yosh oilalarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishiga zamin yaratadi.
Elektron navbat bilan yoshlaruyi.uz veb-sayti orqali tanishish mumkin. Shuningdek, “Yoshlar” uylarining Telegram messenjeridagi rasmiy @yoshlaruyi_bot boti orqali ham kuzatib borish imkoniyati mavjud.
Izoh: Yosh oila vakillariga berilgan maxsus ID-KOD raqami Yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari tomonidan nomzodlarga ma’lum qilinadi.