O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shakar va qandolat mahsulotlari narxini jilovlab bo‘ladimi?
2018-02-01 | Iqtisodiyot
2017-yilda O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari orasida shakar narxining oshib ketishi sabablari odamlarni qiziqtirgan masalalardan biriga aylandi. Shakarning qimmatlashuvi bilan uning asosida ishlab chiqariladigan qandolat mahsulotlarining narxi ham ko‘tarilishi kuzatildi. Xo‘sh, shakar va qandolat mahsulotlari narxlari o‘sishining asosiy sabablari nimada? O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi mutaxassislari bunga oydinlik kiritdi.
Shakar va qandolat mahsulotlari narxlari o‘sishining asosiy sababi o‘rganilganda ichki ishlab chiqarish quvvatlarining aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish imkoniyatiga ega emasligi, shakar mahsulotiga bo‘lgan mavsumiy tebranishlarni bartaraf etish maqsadida yetarli miqdorda shakar xom ashyosi importining amalga oshirilmaganligi aniqlangan.
Ma’lumot uchun, 2017-yilda shakar narxi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 28,8 foizga oshgan.
Vazirlik mutaxassislarining aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonning turli hududlarida yirik savdo markazlari – supermarket va gipermarketlarning mavjud emasligi hamda tovarlar davlat xaridi tizimining yetarlicha rivojlanmagani iste’mol tovarlari narxining oshishida qo‘shimcha sabablar bo‘lgan.
Yirik savdo markazlari narxlarning barqaror saqlab turishda, iqtisodiyotda naqd pul muomalasini tartibga solish, samarali davlat xaridi tizimining joriy qilinishi esa iste’mol tovarlari bo‘yicha mavsumiy tebranishlarning oldini olish va shu orqali inflatsiyani jilovlash imkonini beradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA