O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezidentga murojaat qilib ta’qibga uchrasangiz maxsus tugmani bosing

2018-02-01 | Jamiyat

Avvalroq, 1-fevraldan Prezident virtual qabulxonasi dasturiy tizimining yangi talqini ishga tushishi, har bir foydalanuvchiga shaxsiy kabinet ochish, ko‘p beriladigan savollarga batafsil javob olish haqida xabar qilingandi.

Xo‘sh, unda jismoniy va yuridik shaxslar uchun yana qanday yangi qulaylik va imkoniyatlar taqdim etilmoqda?

Portal orqali onlayn rejimida huquqiy maslahat olish mumkin

Virtual qabulxonaning yangi dasturiy tizimida fuqarolarga qulay bo‘lgan shaklda turli muammo va masalalar bo‘yicha malakali yuridik yordam berilishini ta’minlovchi “Onlayn maslahatchi”moduli yaratildi. Bu modul “Ko‘p beriladigan savollar” bo‘limi bilan hamohanglikda ishlaydi.

Bunda turli tarmoqlar va faoliyat sohalari bo‘yicha maslahatchi sifatida jalb etilgan malakali mutaxassislar jismoniy va yuridik shaxslarga real vaqt rejimida maslahat berib borishi va mazkur xizmat shu yil 15 fevraldan boshlab test rejimida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, murojaatlarning salmoqli qismini huquqiy axborot yoki ma’lumot olish maqsadida yuborilgan murojaatlar tashkil etadi. Fuqarolar hayotda uchraydigan turli-tuman masalalarda huquqiy maslahat olish uchun ham virtual qabulxonaga murojaat qilar va murojaat ko‘rib chiqilib, javobi murojaatchiga yetib borgunicha anchagina vaqt talab qilinar edi.

“Onlayn maslahatchi” xizmati virtual qabulxona orqali savol yuborib, onlayn rejimda yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislardan tezkor huquqiy maslahat olish imkoniyatini taqdim etmoqda. Endilikda u yoki bu masala bo‘yicha huquqiy axborot olish uchun bir necha kun javob xati kelishini kutish zarurati qolmaydi. Bu o‘z navbatida portalda ro‘yxatga olinayotgan, faqat huquqiy ma’lumot olish nazarda tutilgan murojaatlar soni qisqarishiga, davlat organlarida boshqa turdagi murojaatlar bilan ishlash sifati oshishiga xizmat qiladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqiy ma’lumot olishga bo‘lgan ehtiyojlari tezkor ravishda ta’minlanishiga erishiladi. “Onlayn maslahatchi” moduli orqali ko‘p beriladigan savollar muntazam tahlil qilinib, shu asosda “Ko‘p beriladigan savollar” bo‘limi to‘ldirib boriladi.

Davlat organlari rahbarlariga Prezident virtual qabulxonasi orqali ham murojaat yo‘llash mumkin

“Vazirlik va idoralar rahbarlarining fuqarolarni qabul qilish jadvallari va ularga murojaat yuborish” moduli joriy qilindi. Bu bilan pm.gov.uz manzilida barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar rahbarlarining fuqarolarni qabul qilish jadvallari yagona bazada joylashtirildi. Ya’ni, davlat organlari rahbarlarining fuqarolar qabuliga doir ma’lumotlar – qabul kunlari, vaqti, tegishli telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, davlat organining manzili haqidagi ma’lumot bir joyda jamlandi.

Ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlarini qiziqtirgan masala uchun qaysi davlat organi mas’ul ekani borasida yetarli bilimga ega bo‘lmaydi. Shu bois mazkur modulda alohida “Funksiya va vazifalar” bo‘limi tashkil etilib, davlat organlarining qonun hujjatlariga muvofiq funksiya va vazifalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Hozir turli bo‘g‘indagi rahbarlarning virtual qabulxonalariga murojaat yo‘llash shakllari turlicha bo‘lib, ularning rasmiy veb-saytlarida bu haqda e’lon qilingan. Biroq, ularni izlab topishda noqulayliklar mavjud. Shundan kelib chiqib, fuqarolarga portal bazasida o‘z murojaatlarini bevosita tegishli davlat organlariga yuborish imkoniyatini taqdim etish maqsadida davlat organlari rahbarlarining shaxsiy virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llash shakllari bir joyga jamlandi. E’tiborli jihati shundaki, bunday yo‘sinda yo‘llangan murojaatlar bilan ishlash jarayoni ham doimiy ravishda nazorat qilib boriladi.

Xalq qabulxonalari haqidagi barcha ma’lumot bilan portal orqali ham tanishish mumkin

“Xalq qabulxonalari manzillari” bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Barcha Xalq qabulxonalarining manzili, telefon raqamlari, elektron pochtasi, geolokatsiya ma’lumotlari va boshqa foydali materiallar qulay tartibda taqdim etilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlar kerakli Xalq qabulxonasi to‘g‘risidagi ma’lumotni O‘zbekiston interaktiv xaritasi orqali topishi mumkin. Alohida olingan Xalq qabulxonasining joylashgan manzili onlayn xaritada yoki sun’iy yo‘ldoshdan suratga olingan xarita rejimida ko‘rsatilgan.

Mahallangizni ko‘rsating va muammolar yechimiga hissa qo‘shing

Virtual qabulxonaning yangi talqinida fuqaro murojaat yuborish jarayonida o‘zi istiqomat qilayotgan mahallani ham ko‘rsatib o‘tishi uchun imkoniyat yaratildi. Bu muammoga yechim topish darajasini yanada oshiradi. Shu yo‘l bilan murojaatda ko‘tarilgan muammo muayyan hududdagi qaysi sektorga taalluqli ekani aniqlanadi. Ayni paytda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar hududida qanday muammolar mavjud ekanini onlayn tahlil qilish, ularni kompleks hal etish uchun yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar, “yo‘l xarita”lari ishlab chiqish imkoniyatlari kengayadi.

Ta’qib bo‘lsa, tezkor xabar berish mumkin

Virtual qabulxonadagi yana bir yangilik – murojaatchilarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida “Ta’qib haqida xabar” moduli joriy qilingani bo‘ldi. Agar kimda-kim ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilgani tufayli ta’qibga uchraydigan bo‘lsa, bu haqda maxsus tugma orqali tezkor xabar berishi mumkin. Bunday xabarlar huquqni muhofaza qilish organlarini jalb etgan holda ustuvor va tezkor ravishda ko‘rib chiqiladi.

Murojaat va mas’uliyat

Endi portalda fuqarolar o‘z murojaatini yuborishdan avval murojaat yuborish qoidalari bilan tanishgani va bu borada qonunda belgilangan mas’uliyati to‘g‘risida xabardor ekanini tasdiqlovchi belgi qo‘yadi. Bu murojaatchilarning ham mas’uliyatini oshirishga, murojaat madaniyatini yuksaltirishga turtki beradi.

Shu paytga qadar ayrim murojaatchilar tomonidan murojaat yuborish jarayonida boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki umuman mavjud bo‘lmagan telefon raqamini ko‘rsatish, boshqa fuqarolar nomidan murojaat yuborish holatlari uchrab turardi. Har bir murojaatni ko‘rib chiqish muayyan vaqt va resurslarni talab qilishini, aniq maqsadsiz murojaat uchun sarflangan vaqtni boshqa asosli ariza yoki shikoyat ustida ishlashga yo‘naltirgan holda muammoni hal qilish fuqarolar uchun ham, jamiyatimiz uchun ham har tomonlama foydali ekanidan kelib chiqib, yangi tizimda mobil telefon raqamini tasdiqlash mexanizmi joriy etildi.

Bunda murojaatchi maxsus murojaat shakliga o‘z mobil telefon raqamini kiritadi. Shundan keyin murojaatchining mobil telefoniga bir martalik parol SMS-xabar shaklida yuboriladi. Natijada ham murojaat aniqligi va ishonchliligi ortadi, ham mobil telefon raqami tasdiqlanadi. Bu barcha davlat organlarining virtual qabulxonalari faoliyatiga ham tatbiq etiladi.

Shu paytgacha fuqarolar va tadbirkorlar o‘z murojaatlari ko‘rib chiqilishining joriy holatini istalgan vaqtda bazaga maxsus raqamni kiritish yo‘li bilan tekshirib ko‘rish imkoniyatidan foydalanib kelayotgan edi. Yangi talqindagi tizimda murojaatning qabul qilingani va nazoratdan yechilgani to‘g‘risida tasdiqlangan mobil telefon raqamiga SMS-xabarnoma yuborilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yangiliklardan xabardor bo‘lib boring

Virtual qabulxonaning yangi talqinida davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash sohasidagi faoliyati, ijobiy hal etilgan masalalar, virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari to‘g‘risidagi yangiliklar bilan yanada kengroq tanishish imkoniyati yaratildi. Portalga kelib tushgan va ko‘rib chiqilgan murojaatlarning umumiy sonini, statistik ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati mavjud.

Bir so‘z bilan aytganda, virtual qabulxonaning yangi talqini jismoniy va yuridik shaxslarga samarali axborot, interaktiv xizmatlarni taqdim etish bilan birga, fuqarolarning davlat organlari bilan hamkorlik mexanizmlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi darajasi oshishiga xizmat qiladi.

Поделиться