O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ertaga, 1-fevraldan Prezident virtual qabulxonasi dasturiy tizimining yangi talqini ishga tushadi
2018-01-31 | Jamiyat
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlariga ariza, shikoyat va takliflar bilan murojaat qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish yuzasidan barcha imkoniyatlar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq murojaatlar bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimi yaratildi.
Mazkur tizimning asosi bo‘lgan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari bevosita davlat rahbariga murojaat qilish, xalq bilan doimiy muloqot olib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etishning ta’sirchan mexanizmiga aylandi. Prezident virtual qabulxonasiga o‘tgan qisqa davrda 1 million 600 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.
Bu, bir tomondan, xalqimizning davlat hokimiyatiga va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchi tobora oshib borayotganidan dalolat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari samarali tatbiq etilayotgani, xalqimizning ulardan foydalanish darajasi yuksalib borayotgani, odamlar yaratilgan imkoniyat va qulayliklardan o‘z kundalik hayotida to‘g‘ri va maqsadli foydalana olayotganini ko‘rsatmoqda.
Albatta, hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Ayniqsa, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan bugungi shiddatli davrda ko‘zlangan maqsadlarga erishish yo‘lida ilm-fan va texnika yutuqlaridan keng foydalanish aholiga yangi va qo‘shimcha qulayliklarni yaratish imkonini beradi. Shu ma’noda, o‘tgan davrda murojaatlar bilan ishlash tizimida to‘plangan katta tajriba va o‘tkazilgan chuqur tahlillar, fuqarolarimizning bu boradagi fikr-mulohazalari, talab va istaklaridan kelib chiqqan holda virtual qabulxona dasturiy tizimini yanada takomillashtirish ustida ish olib borildi. Binobarin, 2017-yil 11-sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunida ham murojaatchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ko‘zda tutilgan edi.
Shular asosida Prezident virtual qabulxonasi dasturiy tizimining yangi talqini ishlab chiqildi va 1-fevral kuni test rejimida ishga tushiriladi. Sayt manzili o‘zgarmagan – pm.gov.uz. Bunda “pm” qisqartmasi – “Prezidentga murojaat” tarzida talqin qilinadi.
Murojaat yuborish shakli ham o‘zgarmagan: murojaatlarni 0-800-210-00-00 yoki 10-00 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish, pm.gov.uz manzilidagi maxsus murojaat shaklini to‘ldirish orqali yoxud Xalq qabulxonalariga tashrif buyurib yuborish mumkin.
Virtual qabulxonaning takomillashtirilgan talqinida joriy qilingan asosiy yangiliklar haqida keyingi materiallarda ma’lum qilinadi.