O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tadbirkorlik keng rivojlanmoqda

2015-04-25 | Iqtisodiyot

Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining ulushi 2000-yildan buyon 31 foizdan 56 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda 12,9 foizdan 31,1 foizga o'sdi. 2014-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida 480 mingdan ortiq yangi ish o'rni tashkil etildi. Bu yaratilgan jami ish o'rinlarining yarmi demakdir. Bugungi kunda iqtisodiyotning ushbu sohasida ish bilan band bo'lgan aholining 76,5 foizdan ziyodi mehnat qilmoqda.

Jahon miqyosida global iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, dunyoning sanoqli davlatlari qatorida O'zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o'sish sur'atlari so'nggi 10-yil davomida 8 foizdan ziyod bo'lib kelayotganida ham sohaning salmoqli ulushi bor.

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka to'liq erkinlik berish, yanada keng imkoniyatlar yaratish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati hamda bu sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga bag'ishlangan anjumanda bu alohida qayd etildi. Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda qator vazirlik va qo'mitalar, moliya muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda milliy qonunchiligimizda xususiy mulk ustuvorligi mustahkamlanib, uning ishonchli huquqiy kafolatlari ta'minlanayotgani ta'kidlandi. Xususiy sektorga keng erkinlik berish, byurokratik g'ovlarni bartaraf etishga oid bir qator muhim me'yorlarning amaliyotga tatbiq etilgani natijasida ruxsat berish tartib-taomillari keskin qisqartirildi. Barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari bilan o'zaro munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi prinsipi joriy qilindi. Bu amalda ana shu idoralarning tadbirkor manfaatini ta'minlash yo'lida xizmat qilishiga keng yo'l ochdi.

Xo'jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun aybdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish, kredit olish, ular faoliyati bilan bog'liq xo'jalik nizolarini ko'rib chiqish sezilarli darajada soddalashtirildi. Mulkni ro'yxatdan o'tkazish, yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsatnoma berish, elektr tarmoqlariga ulanishda "bir darcha" tamoyili joriy etildi.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tadbirkorlarimizga keng erkinlik berishi bilan birga, bu jarayon xalqaro miqyosda ham munosib bahosini olayotgani diqqatga sazovor. Jumladan, BMT Taraqqiyot dasturining bahosiga ko'ra, O'zbekiston so'nggi yilda biznes yuritishni yengillashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bo'yicha yetakchi o'nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Bu borada yanada yuksak marralarni egallash, tadbirkorlarga yanada kengroq imkoniyat yaratish bugungi kundagi dolzarb vazifalardandir. Bu, eng avvalo, qonun ijodkorlari, huquqni qo'llovchi, muhofaza qiluvchi hamda nazorat idoralaridan ulkan va maqsadli ishlarni amalga oshirishni talab etadi. Chunki adliya organlarining tadbirkorlikka oid qonunlar ijrosi yuzasidan olib borayotgan monitoring natijalari ayrim vazirlik va idoralar faoliyatida, xususiy biznesni rivojlantirish yo'lida hali-hanuz turli ma'muriy to'siqlar saqlanib qolayotgani, ayrim mansabdorlar tomonidan mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini buzish holatlariga chek qo'yilmayotganini ko'rsatmoqda.

Tadbirda bu xususida aniq misollar keltirildi. Qonun buzilishiga sharoit yaratib berayotgan sabablarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Oliy xo'jalik sudi, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Davlat soliq qo'mitasi va boshqa tegishli idoralar xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyoti o'rganildi. Shundan kelib chiqib, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, qonunchilik va me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, soha yo'lidagi ortiqcha byurokratik va ma'muriy to'siqlarga chek qo'yishga doir qonun ijodkorligi jarayonlari izchil davom ettirilmoqda.

Anjumanda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tartib-taomillarini hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib yanada takomillashtirish e'tiborli masalalardan biri ekani qayd etildi.

Поделиться