O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbara majmuasining ochilishiga bag‘ishlangan marosimdagi so‘zi

2018-01-30 | Siyosat

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar! 

Hurmatli Tatyana Akbarovna! 

Muhtaram Samarqand ahli! 

Barchangizga ma’lumki, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning 80 yillik tavallud ayyomi butun mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. 

Mana, hozirgina Qashqadaryo viloyatida bo‘lib qaytdik. Qarshi shahrida Islom Abdug‘aniyevich xotirasiga bunyod etilgan haykalning tantanali ochilishi va ehson marosimi bo‘lib o‘tdi. Ana shu xotira tadbirlarining davomi sifatida sizlar bilan azim Samarqand shahrida, tom ma’noda tabarruk zaminda yana bir tarixiy voqea munosabati bilan to‘planib turibmiz. 

Qadimiy Samarqand diyoridagi eng birinchi masjid bo‘lmish mashhur Hazrati Xizr majmuasi yonida Birinchi Prezidentimizning maqbara yodgorligining ochilish marosimida ishtirok etmoqdamiz. 

Ne-ne buyuk voqealarga guvoh bo‘lgan, qancha-qancha ulug‘ zotlar mangu orom topgan bu ko‘hna zaminda, Hazrati Xizr va Shohi Zinda ziyoratgohlari yoniga bugun yana bir qutlug‘ qadamjo qo‘shilmoqda. 

Hammangiz xabardorsiz, o‘zlarining vasiyatiga binoan Birinchi Prezidentimiz aynan mana shu muborak maskanga dafn etilgan edi. 

Albatta, biz bu yodgorlik majmuasini keng va katta maydonda, juda mahobatli qilib qurishimiz ham mumkin edi. Lekin bir haqiqat hammamizga yaxshi ayon: rahmatli Islom aka g‘oyat kamtarin, samimiy, oddiy inson edilar. Ortiqcha hasham va dabdabani yoqtirmas edilar. 

Ko‘pni ko‘rgan, donishmand xalqimiz yaxshi tushunadi: ulug‘ shaxslar xotirasiga bunyod etilgan yodgorlik obidalarining qimmati, avvalo, ana shu insonning o‘z xalqi va Vatani, kelgusi avlodlar oldidagi ezgu va savob ishlari, odamlar qalbida qoldirgan so‘nmas xotirasi bilan o‘lchanadi. 

Barchamiz guvohmiz: Islom akaning vafotlaridan so‘ng butun yurtimizdan, yer yuzining turli o‘lkalaridan bu yerga ming-minglab ziyoratchilar oqib kela boshladi. Shuning o‘ziyoq mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, mamlakatimizga 27 yil davomida rahbarlik qilgan Birinchi Prezidentimiz o‘zining buyuk tarixiy xizmatlari bilan xalqimiz xotirasida, jahon jamoatchiligi o‘rtasida qanchalik yorqin iz qoldirganini ko‘rsatadi. 

Ishonchim komil, bugun ushbu maqbara ochilishi bilan ziyoratchilar oqimi yanada ko‘payadi. Bu maskan odamlar, ayniqsa, yosh avlodimizning qadami hech qachon uzilmaydigan muqaddas ziyoratgohga, katta tarbiya maskaniga aylanadi. 

Aziz do‘stlar! 

Ulug‘ Yurtboshimizga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat-ehtirom haqida, uning mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritar ekanmiz, yaqin o‘tmishda barchamizning yuragimizda og‘ir yara bo‘lib qolgan bir voqea ko‘z oldimizdan o‘tishi tabiiy, deb o‘ylayman. 

Biz o‘zgalarga qaram bo‘lib yashagan mustabid tuzum davrida butun ongli hayotini el-yurt ravnaqiga bag‘ishlagan insonlar, avvalo, respublikamiz rahbarlari xotirasiga, afsuski, munosib izzat-ikrom ko‘rsatilmadi. Buning o‘rniga ularning sha’niga turli tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilganini keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimiz hozirgacha afsuslanib eslaydilar. 

Odamiylikni, inson xotirasini hamisha aziz va muqaddas deb biladigan bizning xalqimiz bunday adolatsiz ishlarni aslo qabul qilmaydi. Yurtimizda bunday noma’qul ishlarga endi hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi. 

Vatan uchun, xalq uchun butun borlig‘ini baxsh etgan, o‘zini ayamasdan, fidokorona xizmat qilgan ulug‘ zotlarga yuksak ehtirom ko‘rsatish bizning mamlakatimizda doimo birinchi o‘rinda turishi, kerak bo‘lsa, hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur. Shundagina biz o‘z qadr-qimmatini chuqur anglagan, boshqalar ham hurmat qiladigan xalq va millat sifatida o‘zligimizni namoyon qila olamiz. 

Qadrli yurtdoshlar! 

Ko‘z o‘ngimizda qad rostlab turgan ushbu betakror majmua, avvalo, mustaqilligimiz asoschisi, istiqlolimiz me’mori bo‘lgan muhtaram Islom Abdug‘aniyevichning o‘lmas xotirasiga xalqimizning cheksiz hurmat-ehtiromi va mehr-muhabbatining amaliy ifodasi sifatida barpo etildi. 

Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan minglab bunyodkor quruvchilar tomonidan qisqa muddatda bu yerda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 

Bu muhtasham maqbara majmuasini qurishda Sharq olami, xususan, Islom Abdug‘aniyevich jondan sevgan Samarqand tarixiy obidalari, milliy me’morlik maktabiga xos usul va an’analar har tomonlama hisobga olindi. Amir Temur, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Xoja Ahror Valiy kabi buyuk bobolarimiz maqbaralarining gumbazlari, noyob naqshlari va devoriy bezaklaridan ijodiy foydalanildi. 

Yodgorlik majmuasini ziyorat qilishda muhim bir jihatga alohida e’tibor berishingizni so‘rar edim. Maqbara peshtoqlariga muqaddas Qur’on oyatlari va hadis namunalari bitilgan bo‘lib, ularda teran ma’no mujassam. Bu ilohiy kalimalar har qaysi insonni ma’naviy jihatdan poklanishga, hayotning ma’no-mazmunini chuqurroq anglashga da’vat etib turadi. 

Ziyoratgoh yonida bunyod etilgan o‘zbekona go‘zal ayvon devorlariga muhrlangan Birinchi Prezidentimizning hikmatli so‘zlarida aytilganidek, inson bu dunyodan o‘tib ketganidan keyin ham uning ezgu ishlari, ezgu xotirasi mangu yashaydi. 

Bu borada Islom Abdug‘aniyevichning o‘zlari barchamiz uchun yuksak ibrat va o‘rnak namunasi bo‘lib yashadilar, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

Fursatdan foydalanib, ushbu majmuani barpo etishda ishtirok etgan me’mor va quruvchilar, pudratchi tashkilotlar vakillariga, bu xayrli va savob ishga hissa qo‘shgan barcha-barcha insonlarga, Samarqand ahliga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz. 

Aziz va muhtaram yurtdoshlar! 

Mard va olijanob, bag‘rikeng xalqimiz mustaqil O‘zbekistonning birinchi rahbari muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovni, ul zotning Vatan oldidagi beqiyos xizmatlarini hech qachon unutmaydi. 

Barchamiz uchun aziz va qadrli bo‘lgan Islom akamizning oxiratlari obod bo‘lsin! 

Mana shunday buyuk insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin! 

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin! 

E’tiboringiz uchun rahmat. 

Поделиться