O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xattotlik – eng go‘zal va nafis san’at

2018-01-30 | Madaniyat

Joriy yilning 1-3-fevral kunlari poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida ilk marotaba “Hikmatlar olami” I xattotlik festivali o‘tkaziladi. Festival O‘zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tashkil etilmoqda. 

O‘zA muxbiri Toshkent davlat sharqshunoslik institutining arab filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Nosirxo‘ja ORIFXO‘JAYEV bilan xattotlik san’ati va uning tarixi, o‘tkazilayotgan mazkur festivalning milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishdagi ahamiyati haqida suhbatlashdi.

– Xattotlik san’ati festivalining o‘tkazilishi tarixiy voqeadir. Chunki shu vaqtga qadar bunday festival bo‘lmagan. Mamlakat miqyosida birinchi bor tashkil etilayotgan ushbu tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xattotlik san’atini rivojlantirish va uning an’anaviyligini ta’minlashga qaratayotgan alohida e’tibori tufaylidir. Tadbir bu yo‘nalishdagi milliy qadriyatlarimizni tiklash bilan birga, kelajakda iste’dodli yosh xattotlar yetishib chiqishida muhim qadam bo‘ladi. 

Xattotlik arab tilida "husnixat yozuvchi" degan ma’noni bildirib, yozuv (xat) san’ati, kitob ko‘chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy buyumlar kitobatini yaratish kasbini anglatadi. Sharq xalqlarining ko‘p asrlik tarixiy merosida xattotlik va kitobat san’ati alohida o‘rin egallaydi. 

Arab yozuvining 100 dan ortiq turi mavjud. 28 harfdan iborat bo‘lgan arab alifbosining dastlabki shakli "Xatti ma’qaliy" bo‘lib, tik chiziqlar bilan ifodalangan. Ammo uzoq iste’molda bo‘lib, shuhrat qozona olmagan. VII asrdan boshlab uning o‘rnini arab yozuvining eng qadimiysi va mashhuri hisoblangan "Xatti kufiy" egallaydi. So‘ngra xatti ma’qaliy va kufiy xati asosida arab yozuvining san’atkorona yaratilgan 8 xil asosiy uslubi maydonga kelgan. Bular: suls xati; nasx xati; muhaqqaq xati; rayxoniy xati; tavqi’ xati; riqo’ xati; devoniy xati; nasta’liq xati. 

Bu xatlar ichida hozirgi kunda eng ko‘p qo‘llaniladigani nasx xati bo‘lib, 22 arab davlatida, Eron Islom Respublikasida shu xatdan foydalaniladi. Qur’oni karim hozirgi vaqtda asosan nasx xatida chop etiladi. Riqo’ yozuvi arab yozuvining qo‘lyozma shaklida o‘z ifodasini topgan. 

Arab yozuvining muhim xususiyatlaridan yana biri – u stenografik yozuv xususiyatiga ega. Odatda arab yozuvida Qur’oni karim va boshlang‘ich sinflar uchun qo‘llanmalar va lug‘atlardagina qisqa unli harflar (harakatlar) yoziladi. Qolgan holatlarda ular yozuvda aks etmaydi. 

– Sharqda xattotlarning xatlari ma’no ifodasidan tashqari, kishini hayajonga solib, unga estetik zavq bergan. Har bir xatga san’at mo‘jizasi sifatida qaralgan. 

– Sharqda, jumladan, O‘rta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qo‘lyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini ko‘paytirish (matn ko‘chirish) bilan xattotlar shug‘ullangan. Xattotlar saroylarda, ayrim amaldorlar huzurida guruh bo‘lib ishlagan. Xattotlik san’atiga bag‘ishlangan ko‘plab risolalar yozilgan. Muhammad bin Husayn at-Tibbiy, Mir Ali Tabriziy, Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Xisraviy, Munis Xorazmiy va Ahmad Donish o‘z davrining mashhur xattotlari bo‘lishgan. 

Istiqlol tufayli unutilayozgan kitobat san’ati bir guruh xattotlarimiz tomonidan qayta tiklandi. Bunda Habibulla Solih, Salimjon Badalboyev, Abdulla Mirsoatov, To‘xtamurod Zufarov, Alisher Shomuhamedov va boshqalarning xizmatlari katta. Habibulla Solih 1998 yili Istanbulda o‘tkazilgan xalqaro xattotlar bellashuvida «Devoniy» xat uslubi bo‘yicha kuchli o‘nlikdan joy olgan. 1999-yili u xattotlikda yangi tarz, ya’ni naqshin bezak yozuvining alifbosini kashf qilgani uchun Lohurdagi xalqaro xattotlar bellashuvida «Parvin raqam» unvoniga sazovor bo‘lgan. 

Bugungi kunda Abdulaziz Mansurov, Islom Mamatov, Salimjon Badalboyev, G‘afurjon Haqberdiyev kabi xattotlar ham bu san’at turining rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. 

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent islom universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida xattotlik san’atining o‘qitilishi ota-bobolarimiz an’analarini davom ettirish va yoshlar orasidan iste’dodli xattotlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Tashkil etilayotgan “Hikmatlar olami” xattotlik festivali ham bunday ezgu ishlarning yangicha talqinidir. 

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Поделиться