O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahridagi 500 dan ortiq yakka tadbirkorning 8,7 milliard so‘m soliq qarzidan kechiladi
2018-01-30 | Iqtisodiyot
Bunga jismoniy shaxslarga ham bankrotlik institutini qo‘llashga oid qoida yo‘l ochmoqda.
Iqtisodiyotda shunday tushuncha borki, uni qo‘llash orqali faoliyat yurita olmay korxonaga qayta hayot baxsh etiladi. Bu bankrortlik tamoyili bo‘lib, uning maqsadi – sodda qilib aytganda, botqoqqa botib qolgan korxonani qutqarishdir.
Bu tamoyil shu paytgacha faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilib kelingan. Ammo jismoniy shaxs hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Xo‘sh, ular o‘z faoliyatida muammoga duch kelmaydimi yoki ular yuqorida aytib o‘tilganidek, botqoqqa botmaydimi?
Ma’lum bo‘lishicha, birgina Toshkent shahrida bunday tadbirkorlar soni 500 dan ortiq bo‘lib, ularning zimmasidagi soliq qarzi 8,7 milliard so‘mni tashkil qiladi.
– Tahlillar aslida ayrim qarzlar ba’zan sun’iy ravishda paydo bo‘lib, yig‘ilganini ko‘rsatdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mas’ul xodimi Komil Saidov. – Masalan, yakka tadbirkor ish boshlaydi. Oradan sal vaqt o‘tib, ishi yurishmay qoladi va o‘z-o‘zidan faoliyat yuritmaydi. Lekin tadbirkor bir narsani, ya’ni faoliyat yurita olmayotganidan soliq idorasini xabardor qilishni hayolidan faromush qiladi. Holbuki, tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tdimi, shu kundan unga qat’iy belgilangan soliq hisoblanadi. Tadbirkor faoliyat yuritmayotgani haqida soliq idorasiga xabar bersagina soliq hisoblash to‘xtatilishi mumkin.
Yana shunday holatlar uchraydiki, ayrim jismoniy shaxslar tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan holda tadbirkorlik qiladi. Masalan, deylik siz viloyatdan Toshkent shahriga 1 tonna tarvuz olib kelib sotdingiz. Bu holat davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan aniqlansa, ular qilayotgan daromadingizga qarab sizga yillik soliq qarzi belgilaydi. Siz boshqa mahsulot olib kelib sotmasligingiz mumkin, biroq gardaningizda soliq qarzi turaveradi.
Ko‘rinib turibdiki, ayrim hollarda hisoblanayotgan soliqlarning hammasining tag zamirida daromad bo‘lmasligi mumkin. Buni sun’iy qarzdorlik, deyilsa yanayam to‘g‘riroq bo‘ladi.
Shuning uchun bunday hollarga barham berish maqsadida 2017 yil 30 dekabrda “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarning soliq qarzini bankrotlik tamoyili orqali hisobdan chiqarishga oid me’yor kiritildi.
Amaliyotda birinchi marta qo‘llanilayotgan bu institut yakka tadbirkorlar uchun katta qulaylik yaratdi. Zero, bu tamoyil orqali ular bo‘yniga qo‘yilgan sun’iy qarzdan oson qutilishi mumkin.
Bu tamoyil bo‘lmaganida ko‘pchilik ana shunday soliq qarzlarini to‘lashga majbur bo‘lgani adolatdan bo‘lmaganini anglatadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA