O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onadan haj ziyoratiga boradigan 950 fuqaro saralandi
2018-01-29 | Jamiyat
Haj ibodati islom arkonlarining beshinchisi, ya’ni eng so‘nggisi bo‘lishi va uni musulmon kishi umr davomida bir marta ado etishi farz ekani bejiz emas. Chunki haj amallarini bajarishdan oldin inson ungacha bo‘lgan arkonlarni mukammal tarzda ado eta borib, o‘zida hojilik rutbasiga munosib bo‘lgan mustahkam imon-e’tiqod, go‘zal xulq-odob, eng asosiysi, taqvoni hosil qilgan bo‘lishi lozim.
Dang‘ara tumani Kichik turk qishlog‘ilik Yunusali Mamajonov ham saxovatpesha insonlardan. U tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, 20 ga yaqin yoshni ish bilan ta’minlagan. Shuningdek, yordamga muhtoj oilalarga doimo ko‘mak beradi. Diniy oqimlarga adashib qo‘shilib qolganlarga ham murabbiy sifatida biriktirilgan. Mahallada uni barcha hurmat qiladi. Mahallada tuzilgan ishchi guruh tomonidan bir necha nomzodlar orasidan Yu.Mamajonovni hajga jo‘natish bo‘yicha tavsiya berildi.
– Anchadan buyon ulug‘ ibodatni bajarishni niyat qilib yurardim, – deydi Y. Mamajonov. – Yaratganga shukr, bugun emin-erkin ibodat qiladigan, diniy farzlarni to‘la-to‘kis ado etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan zamonda yashayapmiz. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu diniy amalni bajarish tartibiga o‘zgartirish kiritish, bundan keyin xalqqa foydasi tekkan, diniy ilmlardan xabardor va eng muhimi, o‘zining ko‘p yillik hayot yo‘li bilan boshqalarga ibrat bo‘la olgan eng munosib odamlar hajga borishi kerakligi to‘g‘risidagi fikrlari xalqimizning ayni dilidagi gap bo‘ldi.
Ha, bugun kim bilan gaplashmang, hajga borishdagi yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan minnatdorligini bildirmoqda. Haj safariga boruvchi nomzodlarni tanlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish, jamoatchilik fikrini o‘rganish, shuningdek, hajga boruvchilarni saralash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017- yil 28- dekabrdagi qaroriga asosan Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endi moddiy imkoniyati yetgan kishi muborak safarga ketavermaydi, aksincha, uning yuksak ma’naviyati, ijtimoiy hayotdagi faolligi hamda jamiyat manfaati yo‘lidagi jonkuyarligi ham inobatga olinadi.
Farg‘ona viloyatida ham nizomga kiritilgan yangi talablarga muvofiq suhbat o‘tkazildi hamda muborak haj safariga boruvchilar saralandi. Viloyatdan 950 nafar fuqaro muborak safarga boruvchi sifatida ro‘yxatga olindi.
– Albatta, avvalo har bir mo‘min-musulmon uchun muborak haj va umra safarlariga bormoq farzdir, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Marg‘ilon shahar bo‘limi raisi Turg‘unboy Nishonov. – Biroq ziyoratga borayotgan har bir muslim va muslima dastavval muqaddas ziyoratning butun ulug‘vorligini chin ko‘ngildan his etishi va bu safarga munosib bo‘lmog‘i lozim. Shahrimizdan 90 nafar fuqaro haj, 140 nafar fuqaro umra ziyoratiga borish uchun saralash sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Hajga borish uchun navbatga qo‘yiladigan nomzodlar avvalo moddiy va jismoniy jihatdan haj safariga qodir, haj amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etish uchun yetarli diniy bilimga ega, ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi zarur.
– Men butun umrimni yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga sarflab kelmoqdaman, – deydi Farg‘ona davlat universiteti professori Turg‘unoy Egamberdiyeva. – Yagona orzuim musulmonchilikning muhim amallaridan biri – haj safarini ado etish edi. Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, haj ziyoratiga har tomonlama munosib insonlar borishi lozimligi to‘g‘risidagi talablardan keyin mening qalbimda ham umid paydo bo‘ldi. Mahallamizda o‘tkazilgan yig‘inda mening nomzodim ham tavsiya qilindi. Ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokim, mahalladagi tadbirlarda doimiy qatnashib kelayotganim e’tiborga olinib, haj ziyoratiga borishim aytilganida ko‘zlarimga yosh keldi. Insonning ezgu amallari e’tirof etiladigan bunday adolatli tizim joriy qilingani uchun Allohga shukrlar aytdim.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA