O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezidentimiz tashrif buyurgan logistika markazida tadbirkorlar uchun seminar-trening uyushtirildi

2018-01-29 | Jamiyat

“Highway Logistics Center” masuliyati cheklangan jamiyati zamonaviy transport logistika markazining bojxona terminalida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda bojxona organlari, sertifikatlashtirish organlari va tijorat banklari, O‘zbekiston Daryo va transport agentligi, Bojxona brokerlari assotsiatsiyasi mas’ul xodimlari va xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi mahalliy va xorijiy avtotashuvchilar, import operatsiyalari, mahsulot ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar xususan, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish maqsadida keng ko‘lamdagi ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bojxona tartib-taomillariga alohida urg‘u berib, sohada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Prezidentimiz o‘z Murojaatida bojxona tartib-taomillarining murakkabligi, bugungi kunda tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri hisoblanishi, jumladan, import tovarlari har bir bojxona rejimida alohida-alohida tekshiruvdan o‘tkazilishi, ularning turiga qarab muvofiqlik, gigiyenik yoki veterinariya bo‘yicha sertifikatlarsiz bojxona omboridan chiqarishga yo‘l qo‘yilmasligi, bojxona omborlari ekspress-laboratoriyalar bilan jihozlanmaganligi alohida kayd etildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari rivojlangan davlatlarda bojxona ko‘rigi xavf-xatardan ogoh etish tizimi orqali amalga oshirilishi, bu ham davlat resurslarini, ham tadbirkorlarning vaqtini tejashi, kelgusi yildan boshlab tadbirkorlik subyektlari uchun bojxona ko‘rigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi, ya’ni tadbirkorlar qanchalik halol ekaniga qarab, ularni “yashil” va “qizil” yo‘laklar orqali o‘tkazishni joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edilar.

Qayd etilgan yo‘nalishlardan kelib chiqib, bugungi kunda bojxona organlari tomonidan amaliy tadbirlarga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunga misol sifatida respublikaga olib kiritilayotgan va undan olib chiqilayotgan tovar va transport vositalari faqat dastlabki bojxona rejimiga rasmiylashtirish vaqtida bir marotaba bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi, shuningdek, aeroportdagi bojxona postlarida fuqarolarni “yashil” va “qizil” yo‘laklar orqali o‘tkazish joriy qilinganligi bugungi kundagi islohotlarning debochasi bo‘lib, yurtdoshlarimizga manzur bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda Prezidentimizning joriy yil 5 yanvar kuni Toshkent viloyati safarida “Highway Logistics Center” transport logistika markaziga tashrifi chog‘ida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirilgan va innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda amalga oshirilishi hamda xavf-xatardan ogoh etish tizimini amaliyotga joriy qilinishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, mazkur kompleks misolida ushbu tajribani respublikaning barcha hududlarida tatbiq qilish va namuna sifatida ko‘rsatish lozimligi kayd etilganini aytish joiz.

Belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va to‘laqonli ta’minlash maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi bilan “Highway Logistics Center” transport logistika markazi hamkorligida keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqildi va shu asosida bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini keskin kamaytirishga qaratilgan tartib-taomillar rejali va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Tadbirda yig‘ilish qatnashchilariga mazkur kompleksda tartib-taomillarni amaliyotga joriy etish bosqichlari, xususan tabdirkorlik subyektiga qulay shart-sharoit yaratish, ortiqcha byurokratik to‘siqlar hamda sansalorlikka barham berish maqsadida jahon andozalariga to‘liq javob beradigan, zamonaviy innnovatsion texnologiyalar asosida soddalashtirilgan, kam vaqt va mablag‘ sarflanadigan bojxona rasmiylashtiruvi, tovarlar ekspertizasi va tegishli ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtiruvi jarayonlari xaqida batafsil malumot berildi.

Bojxona terminalida “O‘zstandart” agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat veterinariya, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitalari, O‘simliklar karantini Davlat inspeksiyasining sertifikatlash idoralarining punktlari yaratilgan bo‘lib, o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan yagona ekspress-laboratoriya faoliyati namoyish etildi.

Bojxona terminalida bojxona rasmiylashtiruvi va ruxsatnoma hujjatlarini olish bilan bog‘liq tartibotlarni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, kelgusida qisqa muddatlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, ekspertiza organlari tomonidan tovarlarni bojxona omboriga tushirishning dastlabki jarayonida ishtirok etishi, namunalarni ishchi tartibda olishini va tegishli ruxsatnoma hujjatlarini tezkor taqdim etishi, tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN) kodini aniqlash bevosita tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining o‘zida ekspress-laboratoriyalarda o‘rnatilgan maxsus zamonaviy dastgohlar yordamida aniqlash imkoniyatlari yaratilayotganligi bildirib o‘tildi.

Shuningdek, katta hajmdagi yuk tashuvchi mahalliy va xorijiy avtotransport vositalarida yuklarni O‘zbekiston Respublikasi hududida harakatlanishi va tashuvchilarga ruxsatnoma hujjatlarini berishga doir jarayonlarni soddalashgan tartibda amalga oshirilishi haqida ham ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, bojxona terminalida eksport-import qilinayotgan tovarlar faqat dastlabki bojxona rejimiga rasmiylashtirish vaqtida “xavfni boshqarish” tizimini qo‘llash asosida tanlab tekshirish prinsipiga rioya etgan holda bojxona ko‘rigi o‘tkazish loyihalari tanishtirib o‘tildi. Yangi “xavfni boshqarish” tizimi - bu halol tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan o‘tkazish, aksincha belgilangan bojxona qoidalarini buzganlarni esa to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida yaratilayotgan tizimdir.

Bunda, yillar mobaynida bojxona organlarida tadbirkorlik subyektlari faoliyati bo‘yicha to‘plangan axborot bazasi ma’lumotlarni tahlil qilish natijasida tadbirkorlik subyektlarini toifalarga ajratish mexanizmini joriy qilish ishlari olib borilmoqda.

Tadbirda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulayliklar yaratish va ortiqcha rasmiyatchiliklarni qisqartirish maqsadida mavjud salohiyatdan unumli foydalanish, xususan bojxona organlari faoliyatiga doir joriy qilingan 20 dan ortiq interaktiv davlat xizmatlarini yanada faollashtirish, yangi elektron xizmatlarni joriy etish nazarda tutilganligi ta’kidlab o‘tildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar, chora-tadbirlar avvalo tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, tadbirkorlar manfaatlarini ta’minlash omillariga qaratilayotganligi tadbirda alohida e’tirof etildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda yangi islohotlar, loyihalar va yaratilayotgan qulayliklar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Seminar-treningda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Поделиться