O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijiy ekspertlar ishtirokidagi seminar
2018-01-29 | Jamiyat
Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslarida YXHT loyihalari O‘zbekistondagi koordinatori bilan hamkorlikda xorijiy ekspertlar A.Pilch va K.Krisyak ishtirokida “Prokurorlar va sudyalarni kasbiy tayyorlash masalalari: Polsha va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi vakillari ishtirok etdilar.
Shuningdek, seminarda YXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bosh maslahatchisi Yurgen Beker, Polsha Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi konsullik bo‘limi boshlig‘i Yeji Timofyuk, Polsha Respublikasining O‘zbekistondagi Konsulligi ikkinchi kotibi Kollat Tomash ishtirok etdilar.
Polsha Sud va prokuratura organlari milliy maktabi ekspertlari -sudya Agneshka Pilch va prokuror Katarjina Krisyak tomonidan Polshada prokurorlarni kasbiy tayyorlash tizimining asosiy yo‘nalishlari, bo‘lajak prokurorlarning boshlang‘ich tayyorgarligi hamda amaldagi prokuratura va sud xodimlarini uzluksiz kasbiy tayyorlash borasida Sud va prokuratura organlari milliy maktabi asosiy funksiyalari yoritib berildi.
Tadbirda tinglovchilarni o‘qitish jarayonining tashkiliy va metodologik jihatlariga alohida urg‘u berildi. O‘quv sessiyalari va ish jarayonidagi amaliyotning ratsional nisbati, masofaviy va an’anaviy o‘qitishni mujassam etgan samarali tizimi (e-blending), shuningdek, o‘qituvchilar va ma’muriy tarkibni shakllantirish jarayonlari masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Seminar ishtirokchilari o‘zaro fikr almashib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.