O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maktabgacha ta’lim vazirligi bayonoti: Ko‘zbo‘yamachilikka barham berish payti keldi
2018-01-26 | Jamiyat
2017 yilning 30 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur huquqiy asosga ko‘ra maktabgacha ta’lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta’lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 dekabrdagi maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisida ham bu borada mutassadilarga aniq topshiriqlar berilgan.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ochish niyatida bo‘lgan ko‘plab tadbirkorlar bugungi kunda hududiy xokimliklarga murojaat etishmoqda. Ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib, viloyat xokimliklari tomonidan tuman va shaharlarda bo‘shab qolgan joylar va binolarni ruyxatdan o‘tkazish ishlari ham qizg‘in pallaga kirgan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda joylarda ko‘zbo‘yamachilik, topshiriqlarni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari kuzatilgan. Xususan, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi turdagi maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida to‘laqonli faoliyat ko‘rsatayotgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini xususiylashtirish, tadbirkorlarga berib yuborish holatlari uchrab turibdi.
Joylardagi mutassadilar bir narsani yaxshi tushunib olishlari lozimki, faoliyat ko‘rsatayotgan, zarur shart-sharoitlarga ega, tarbiyalanuvchilari soni belgilangan, talabga javob beradigan bog‘chalarni xususiy sektor vakillariga nol qiymatda berib yuborish oqibatida, maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim va tarbiya olayotgan bolalarning ta’lim olishida uzilishlar, tarbiyalanuvchilarni qamrab olish, moliyaviy muammolar kelib chiqmoqda.
Yana bir bor eslatish lozimki, moddiy-texnik bazasi talabga javob bermaydigan, faoliyat ko‘rsatmayotgan maktabgacha ta’lim muassasalari faqatgina Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan rasmiy kelishilgandan so‘ng xususiylashtirilishi yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga berilishi mumkin.
Shunday ekan, mazkur yo‘nalishdagi ishlar Maktabgacha ta’lim vazirligi nazorati ostida bo‘lib, fuqarolar va ularning farzandlari manfaatlari buzilmasligi uchun barcha kuchlar safarbar etilganligini ma’lum qilamiz.
Mazkur holatlar haqida xabardor fuqarolarimizni Maktabgacha ta’lim vazirligining Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi (davlat, nodavlat va muqobil shakllari) (0371) 2553449, 2553458 telefon raqamlariga yoki mtvmdo@gmail.com elektron manziliga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.
Vazirlik Matbuot xizmati