O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlar himoyasi davlat tomonidan kafolatlanadi
2018-01-26 | Jamiyat
Shaxsiy ish, shaxsiy buyum, shaxsiy hayot... Ularga kimdir daxl qilishini istaysizmi? Yo‘q, albatta! Prezidentimiz farmoni asosida tasdiqlangan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida ishlab chiqilishi belgilangan “Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi shu maqsadni ko‘zlaydi.
Xo‘sh, qonun qaysi shaxsiy ma’lumotlarni muhofazaga oladi? Ularni qanday tartibda himoya qiladi? O‘zA muxbiri bu savollarga javob topish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyevga murojaat qildi.
– Shaxsiy ma’lumotlar, deganda shaxsni bevosita yoki bilvosita aniqlash imkonini beruvchi har qanday ma’lumot – uning ismi, barmoq izlari, oilasi haqidagi ma’lumotlar, yashash manzili, ish joyi, telefon raqami va h.k. tushuniladi.
Qonunchiligimizda shu paytga qadar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga oid bir qator normalar bo‘lsa-da, bu sohadagi munosabatlarni yaxlit qonun darajasida tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjat mavjud emas edi.
Prezidentimiz farmoni asosida tasdiqlangan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida ishlab chiqilishi belgilangan “Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida shaxsiy ma’lumotlarning huquqiy maqomi belgilanadi. Ularni himoya qilishning yaxlit mexanizmi yaratiladi.
Qonunda shaxsiy va oilaviy sir daxlsizligiga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish, “Elektron hukumat” tizimi rivojlanishi munosabati bilan jismoniy shaxslarga oid ma’lumotlar bilan ishlash jarayonida ular oshkor qilinishining oldini olish choralari va boshqa qoidalar nazarda tutiladi.
Qonunning pirovad maqsadi fuqarolarning shaxsiy huquqlarini, shaxsiy daxlsizligi, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqini himoya qilishga qaratiladi.
Mazkur qonun loyihasi Davlat dasturi bo‘yicha 2018 yil 1 dekabrga qadar Davlat personallashtirish markazi, Axborot texnologiyalari vazirligi, IIV, Bosh prokuratura, MXX, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
Bu borada Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya tajribalari o‘rganiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA