O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimizning ekologik toza mahsulotlari jahon bozoriga zamonaviy mezonlar talablari asosida etkazib berilishi zarur
2018-01-25 | Jamiyat
Jannatmakon diyorimizda etishtirilgan meva-sabzavotlar inson salomatligi uchun foydali tabiiy darmondorilar, turli biologik moddalarga boyligi tufayli jahon bozorida juda ham qadrlidir.
Shu bois bugungi kunda 180 turdan ortiq meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarimiz dunyoning deyarli barcha qit’alarida joylashgan 80 dan ziyod davlatlariga eksport qilinmoqda. Ayni vaqtda mamlakatimiz o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish hajmi bo‘yicha dunyodagi etakchi o‘nta davlatlar qatoridan o‘rin egallagan.
Muhtaram Prezidentimiz 2017 yil 10 dekabr – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan qilgan ma’ruzasida ta’kidlab o‘tganlaridek, kimyoviy tarkibdan holi bo‘lgan biologik toza mahsulotlarni o‘zbek brendi ostida jahon bozoriga eksport qilishning samarali tizimini yaratish hozirgi kunda dolzarb vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Shu yilning 22 yanvar kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashi hamda bir qator vazirlik va mutasaddi idoralar hamkorligida “Ekologik toza mahsulotlar bilan jahon bozoriga” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda ana shu xususida fikr yuritildi.
Seminarda vodiy viloyatlari yosh fermerlari va fermerlikka qiziqqan o‘g‘il-qizlar, tajribali tadbirkor va fermerlar, qishloq xo‘jaligi sohasi olimlari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdilar.
Biologiya fanlari nomzodi, dotsent Alisher Vahobov, biolog olim Ahmadali Teshaboev, “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasi rahbari Abdurahmon Niyozovlar tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
“O‘zstandart” agentligi Farg‘ona viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Hoshimjon Muhammadjonov, “O‘zagroeksport”ning Farg‘ona viloyatidagi vakili Akmal Ergashev sohada yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar borasida qatnashchilarning bilimi va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdi. 18 yoshida fermer bo‘lgan Andijon viloyatining Asaka tumanidagi “Zamon mirishkori” fermer xo‘jaligi rahbari Omatilloxon Ortiqhojievning quyonchilik, asalarichilik, chorvachilik, intensiv bog‘lar barpo etishdagi yutuqlari, Oltiariq tumanida joylashgan “Hamidjonov Isroiljon” asalarichilik fermer xo‘jaligining yosh rahbari Islombek Ahmedovning asal mahsulotlarini qadoqlab, joriy yildan eksportni yo‘lga qo‘yishga oid biznes-rejasi tengdoshlari tomonidan qizg‘in olqishlandi.
Seminarda sifatli urug‘ tanlash, kimyoviy va mineral o‘g‘itlar bilan ishlash, pistachilik, za’faron, qizilmiya, batat etishtirish kabi istiqbolli tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Seminar doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat Kengashi binosida fermer xo‘jaliklari tomonidan etishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari va oliy o‘quv yurtlarining amaliyotga joriy etilayotgan innovatsion loyihalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining yangi asbob-uskuna, jihozlari taqdimoti o‘tkazilib, mavzu yuzasidan qiziqarli savob-javoblar bo‘lib o‘tdi, amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Botir MADIYOROV.
Suratni Sherzod QORABOEV olgan.