O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2018-01-25 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-iyuldan boshlab OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish bilan shug‘ullanuvchi tumanlararo diagnostika laboratoriyalari hududiy OITSga qarshi kurashish markazlari tarkibiga kiritiladi va markazlarga ushbu laboratoriyalarni moliyalashtirish, moddiy-texnik ta’minlash hamda faoliyatiga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish yuklanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamoat tashkilotlari faoliyati va hamkorligini muvofiqlashtirsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni ajratsin;
kelgusi yillarda retrovirusga qarshi preparatlar va OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslarni davolash samaradorligi monitoringini olib borish uchun zarur bo‘lgan test-sistemalar bilan ta’minlashga Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratish bosqichma-bosqich oshirib borilishini nazarda tutsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda OIV infeksiyasi va qo‘shimcha kasalliklarga tashxis qo‘yish va ularni davolash uchun zarur bo‘lgan diagnostikumlar va test-sistemalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Davlat dasturida belgilangan tadbirlar ijrosi ustidan monitoring olib borilishini va har chorakda amalga oshirilgan tadbirlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobotlar taqdim etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda OIV infeksiyasining oldini olish, tashxis qo‘yish hamda davolash sohalarida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borsin, ilmiy va innovatsion tadqiqotlar natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda OIV infeksiyasi yuqish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlar, xususan, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari, shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari xodimlari orasida OIV infeksiyasining profilaktikasi bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish shartligini nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida OIV infeksiyasining oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash masalalari bo‘yicha axborot-ma’rifiy ishlarni olib borsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha tarmoq rejasini tasdiqlasin va bajarilishini ta’minlasin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
davolash-profilaktika muassasalari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda sterilizatsiya bo‘limlari va punktlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy apparatlar va asbob-anjomlar bilan to‘liq jihozlash uchun zarur mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin;
davolash-profilaktika muassasalarini bir marotaba ishlatiladigan tibbiy asbob-anjomlar, test-sistemalar, diagnostikumlar va sarflovchi materiallar bilan ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasida 2018-yilda OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan Davlat dasturining ijrosi tahlili natijalari bo‘yicha 2019-yilda OIV infeksiyasiga qarshi kurashish sohasidagi kompleks chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Qosimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.Akmalov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 25-yanvar
* * *
Mamlakatimizda keyingi yillarda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorlashuvi va OIV infeksiyali shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordamning ta’minlanishiga qaramasdan OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha bir qator dolzarb masalalar o‘z yechimini kutmoqda.
Xususan, OITSga qarshi kurash markazlari va tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasi 2010-yilda yangilanganidan so‘ng ma’naviy va texnik eskirgan holatga kelgan.
OITSga qarshi kurash xizmati vaziyatni “real vaqt” rejimida tahlil qiladigan va o‘z vaqtida hamda samarali tadbirlarni belgilashga imkon beradigan yagona ma’lumotlar bazasiga ega emas.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bemorni virusga qarshi davolashni, kasallikning bosqichidan qat’iy nazar, kasallik aniqlangan kundan boshlash tavsiya etilganligiga qaramasdan hozirgi vaqtda faqat 47% OIV infeksiyali bemorlar kasallikning rivojlangan bosqichiga kelib davolanmoqda.
Antiretrovirus preparatlarini xarid etishga davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmaganligi sababli, davolash ishlarida uzilishlar bo‘lishi va OIVning antiretrovirus preparatlariga chidamli shtammlari paydo bo‘lish xavfi mavjud.
OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishi oldini olish uchun OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarni 6 oylik bo‘lgunga qadar sun’iy sut aralashmalari bilan ta’minlash masalasi hal etilmagan.
Xavfli guruhlar orasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar faqat donorlik mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.
Ko‘rsatilgan muammolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yilning 18-oktyabrida o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishning ahvoli va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisda muhokama etilib, OIV infeksiyasiga qarshi kurash sohasida keng qamrovdagi tadbirlarga qaratilgan Davlat dasturini ishlab chiqish topshirilgan.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarini zamonaviy va yangi sifat darajasiga olib chiqish maqsadida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori quyidagi yo‘nalishdagi majmuaviy chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutgan:
OIV infeksiyasining tarqalishi sabablari va sharoitlarini hududlar bo‘yicha muntazam tahlil etish, milliy an’ana va ma’naviy-axloqiy asoslarni inobatga olgan holda aholining keng qatlamlari orasida mazkur kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha majmuaviy chora-tadbirlar ishlab chiqish;
hududlar xususiyatlaridan kelib chiqib, mahalliy moliyaviy, moddiy va kadrlar resurslari safarbar qilinishini ko‘zda tutuvchi OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy chora-tadbirlar rejalarini qabul qilish;
mamlakatda OIV infeksiyasi profilaktikasi, tashhis qo‘yish va uni davolash sohalarida mahalliy ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning natijalarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etishni ta’minlash, shuningdek, soha bo‘yicha yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
OIV infeksiyasi va yondosh kasalliklarni aniqlash uchun zamonaviy diagnostikumlar va test-sistemalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, investitsiyalarni jalb etish va davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish;
kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda yetakchi xalqaro ta’lim va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikdagi ilmiy-amaliy tadbirlarni amalga oshirish;
yuqori sifatli retrovirusga qarshi dori vositalarini xarid qilishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish;
OIVni yuqtirib olganlarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minlash tizimini yaratish;
OITSga qarshi kurash muassasalarining, shu jumladan, tumanlararo OIV diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni tizimli tahlil etish va tadbirlarni rejalashtirish uchun tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish.
Ushbu qarorni qabul qilish va amalga oshirish orqali kutilayotgan natijalar:
aholini OIV infeksiyasiga va yondosh kasalliklarga tekshiruvlar bilan qamrab olishni amalga oshirish orqali mamlakatda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqarorlashuvini mustahkamlash;
OIV infeksiyasi diagnostikasi va davolash tadbirlari samaradorligini oshirish, OIV infeksiyali shaxslarda kasallik tashhisi tasdiqlanib, dispanser nazoratiga olingan vaqtdan boshlab maxsus davolash strategiyasini amalga oshirish maqsadida OIV infeksiyali shaxslarni retrovirusga qarshi terapiya bilan bosqichma-bosqich qamrab olishni davom ettirish;
OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bu boradagi sertifikatiga ega bo‘lish;
OIVga ixtiyoriy maslahat va tibbiy tekshiruvdan o‘tish qamrovini oshirish va kasallik oldini olishning yangi uslublarini tatbiq etish, shu jumladan, olis hududlar va aholi gavjum joylarda ko‘chma laboratoriyalardan foydalanish, OIV masalalari bo‘yicha individual va konfidensial maslahatlar berish uchun “ishonch telefonlari”ni tashkil etish, ommaviy axborot vositalarida OIV infeksiyasi mavzusini yoritishning zamonaviy yondashuvlaridan foydalanish, umumta’lim maktablari, kollejlar va oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga OIV infeksiyasi masalalarini kiritish;
fuqarolik jamiyati tashkilotlari, din vakillari yetakchilarini OIV infeksiyasiga qarshi kurashish sohasidagi profilaktika tadbirlari, axloq-odob mezonlarini shakllantirish, xavfli xulq-atvor shakllanishining oldini olish, OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslarga nisbatan bag‘rikenglik munosabatida bo‘lish borasidagi axborot-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish;
statistik ma’lumotlarning aniqligi va sifatli tayyorlanishi hamda tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun OITSga qarshi kurash xizmatida axborot almashinuvining tezligi va samaradorligini oshirish;
OIV infeksiyasi diagnostikasida va bemorlarni davolashda sifatli, arzon diagnostikumlar, test-sistemalar va reagentlar ta’minotining uzluksizligini ta’minlash;
davolanishga muhtoj OIV infeksiyali shaxslarni antiretrovirus terapiya bilan qamrab olish va ularning hayot sifatini yaxshilash;
davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarining OIV infeksiyasi masalalari bo‘yicha malakasini oshirish;
aholining OIV infeksiyasi masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish va ularda OIV infeksiyali shaxslarga nisbatan bag‘rikenglik munosabatini shakllantirish.
Mazkur qarorning qabul qilinishi OIV infeksiyali shaxslarni erta aniqlash, kasallik boshqalarga yuqishining oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarni tez amalga oshirish va bemorlarni samarali davolash hamda ularga zarur boshqa tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha yangi sifatli bosqich bo‘lib xizmat qiladi va mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat oldida OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha olgan majburiyatlari to‘laqonli bajarilishini ta’minlaydi.