O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhim voqea: Qoraqalpog‘iston kengliklarida yangi gaz konlari topildi
2018-01-24 | Jamiyat
2018-yil mamlakatimiz neft-gaz sohasida muhim voqea bilan boshlandi. Ustyurt mintaqasining Surg‘il maydonida gaz kondensatining yangi sanoat zaxiralari topildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Konni qidirish ishlari Prezidentimizning 2017- yil 2- fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining neft va gazga boy Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida olib borildi. Unga muvofiq, “O‘zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari Ustyurt tekisligi yer ostida uglevodorodlar qidirish ishlarini kengaytirdi.
Ustyurt mintaqasi – shafqatsiz hudud. Qishning sovuq izg‘irini, yozning jazirama issig‘i, suv yo‘qligi uni amalda yashashga yaroqsiz qiladi. Ammo, bu unumsiz yerga kelgan tadqiqotchi-geologlar shu yerdan tabiiy boyliklar – uglevodorod konlari topishdi.
Hududning noqulay iqlim sharoiti va haroratning keskin o‘zgarishiga qaramay, mutaxassislar 1-burg‘ilash minorasini o‘rnatdi va dastlabki quduqni qurdi. Mamlakatimiz tadqiqotchi-geologlarining taxminlari to‘la tasdiqlandi – quduqdan birinchi gaz kubometrlari chiqdi. 2018 yil boshida o‘tkazilgan tog‘-geofizika ishlari natijasida 3600 metr chuqurlikda gaz va kondensat mavjudligini topishga erishildi.
Mamlakatimiz neft-gaz sanoatini rivojlantirish dasturida Surg‘il koni alohida ahamiyatga ega. Uni qazish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va boy resurslarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.
Yaqin vaqtda mutaxassislar tomonidan uglevodorod zaxiralari o‘sishining bahosi beriladi va Quyi Surg‘il konida geologiya qidiruv ishlarining keyingi yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.