O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganda "MedData AAT" ishga tushirildi. Yangi loyiha aholi salomatligini ta’minlashda qanday ahamiyatga ega?
2018-01-24 | Sog‘liqni saqlash
“MedData AAT” vositasida shifoxona bemori elektron tibbiy bayonnomasini yuritish usullari” mavzusidagi tadbirda mazkur tizimning ahamiyati, uni amaliyotga tatbiq etish yo‘llari va erishiladigan natijalar ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
– Innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish davr talabidir, – deydi Namangan shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Abduvali Mavlonov. – Mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib bizning shahrimizda joriy etilgan “Elektron poliklinika” tizimi qisqa vaqtda tibbiy xizmat ko‘rsatish tezkorligi va aniqligi yuqori bo‘lishini ko‘rsatdi. Bugun ishga tushirilgan “MedData AAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ham tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Amalga oshirilgan loyiha shifoxonaning barcha bo‘limlari ish jarayonini lokal tarmoq orqali yagona tizimga birlashtirish imkonini beradi. Qabulxona, laboratoriya diagnostikasi va tekshiruvlar, barcha bo‘limlar faoliyatiga oid ma’lumotlar tarmoqda to‘liq ifodasini topadi. Bemorning kasalligi, davolanish jarayoni va muolajalar elektron xotiraga muhrlanishi natijasida kelajakda zarurat tug‘ilganida kasallik tarixiga oid hujjatlarni arxivdan izlash kabi ko‘p vaqt talab etadigan ishga o‘rin qoldirmaydi.
– Loyihada ko‘zda tutilganidek, shahar markaziy shifoxonasining barcha bo‘limlari lokal tarmoq orqali bir-biri bilan bog‘landi, – deydi “MedData AAT” dasturi muallifi Husanboy Usmonov. – Bundan bemorning o‘zi ham xabardor bo‘ladi. Ya’ni davolanuvchi laboratoriyaga tekshiruv uchun qon topshirgan bo‘lsa, tahlil natijalari bemor yotgan bo‘limdagi kompyuterda ko‘rinadi. Bundan tashqari, shifokorning qaysidir bemorda davolash-diagnostika standartlariga muvofiq olib borayotgan amaliyotini bo‘lim mudiri nazorat qilib turadi. Yangilikning yana bir muhim jihati shundaki, endi ko‘p varaqli kasallik tarixini to‘ldirish shart emas, ma’lumotlar elektron baza xotirasida aks etadi.
Ushbu zamonaviy va ilg‘or ishlanma juda muhim ahamiyatga ega. Avtomatlashgan axborot tizimida tibbiyotga oid bilimlar bazasi yig‘ilgan. Jumladan, xalqaro kasalliklar tasnifi darajasida ma’lumotlar, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ishlab chiqqan davolash-diagnostika standartlari tizimga singdirilgan. Shifokorlar davolash jarayonini mazkur standartlar asosida tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega. Shuningdek, kasalxona qabulxonasida bemorlar elektron bayonnomasining ochilishi tezkorlikni oshiradi, ko‘proq bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi. Shifoxonada davolanib chiqqan bemorga sanoqli daqiqalarda “Kasallik tarixi”dan ko‘chirma beriladi.
Ko‘rgazmali seminar qatnashchilariga shifoxona qabulxonasida bemorlarning shaxsiy ma’lumotini “MedData AAT”ga kiritish va elektron tibbiy bayonnomani ro‘yxatga olish, bemorlarda o‘tkazilgan tegishli tahlil va tekshiruvlar natijasini tizimga yuborish, shifokorlar tomonidan elektron tibbiy bayonnomalar yuritilishi amaliy tarzda ko‘rsatildi.
– Seminarda yangi texnologiyaning ahamiyatini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, – deydi Pop tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Rustamjon Rahmatullayev. – Yaqin vaqtlar ichida “MedData AAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimini tumanimizda ham joriy etishni maqsad qilib qo‘ydik.
Ayni paytda viloyatdagi yana o‘nta tibbiyot muassasasida avtomatlashgan axborot tizimini joriy etish ustida ish olib borilmoqda.