O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroga boring, do‘stlar! Buxoroga!
2018-01-23 | Turizm
Yurtimizda turizmni rivojlantirish, mehnatkashlarning mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari, tarixiy shaharlarga sayohatini tashkillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi mehnat jamoasi yaqinda Buxoroi sharifga sayohat qildi.
“Afsona” poyezdida yetib kelgan sayohatchilarni “Jo‘yzar” sog‘lomlashtirish maskani xodimlari kutib olishdi. Shuni aytish kerakki, ushbu maskan so‘lim Buxoro tumanidagi “Sarhang” qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, havosi nihoyatda toza, suvi mineral tuzlarga boy, daraxtzor qalinligidan yerga tangaday ham oftob tushmas ekan. Biri-biridan shirin kalomli mezbonlar sayohatchilarni chiroyli va ozoda xonalarga joylashtirib, shirin-shirin taomlar bilan siyladilar. Shundan so‘ng, avtobuslarga minib, Buxoro tumanlarida joylashgan yetti pir ziyoratgohlariga sayohatga chiqdik. Ziyoratni pirlar piri Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratidan boshlab, hazrat Bahovuddin Naqshbandiyning maqbaralarini tavof etish bilan tugalladik.
– Men Buxoroga birinchi bor kelishim, buyuk alloma va piri komillarga bo‘lgan bunday izzatdan ko‘nglimizga ziyo to‘ldi, – deydi birlashma xodimi Dildora Saydullayeva. – Ziyoratgohlarda bizga piri komillarning hayoti va faoliyati, tarixini so‘zlab berishdi. Olam-olam taassurot oldik. Pirlar haqqiga duo qildik, Vatanimizga tinchlik-farovonlik, oilalarga xotirjamlik tiladik.
Sayohatning ikkinchi kuni Buxoroi Sharifning eski shahar qismidagi obidalar – Amir Olimxon saroyi — Sitorai Mohi Xossa, Ark, Minorai Kalon, Labi Hovuz, madrasalarni tomosha qildik, bizni olib yurgan yo‘lboshlovchi ular haqida bilganlarini so‘zlab berdi. Amir saroyi devorlariga solingan naqshinkor suratlarning jilosi ko‘z qorachiqlarimizga muhrlanib qoldi. Biri-biridan chiroyli, asrlar osha bizga yetib kelgan buyumlar, xon va malikalar kiygan kiyimlar ko‘zni qamashtiradi. Hozirgacha siri ochilmagan bo‘yoqlar bilan ishlangan suratlar ajdodlarimizning naqadar iqtidorli bo‘lganidan darak beradi. Biri-birini takrorlamaydigan naqshlar Samarqandda ko‘rganimiz naqshlarga umuman o‘xshamaydi.
– Buxoroda bizni eng hayratga solgan narsa – bu azim daraxtlarining ko‘pligi bo‘ldi, – deydi birlashma tashkiliy bo‘limi mutaxassisi Lola Murodova. – Ayniqsa, eski shaharni piyoda aylanganimizda uch kishining ham qulochi yetmaydigan tut daraxtlarini ko‘rib, hayratlandik. Labi Hovuz atrofidagi qariyb 5-6 asrlik daraxtlar asrlar qa’ridan bizgacha yetib kelgan madaniy meros, ularning tanasini silaganimda o‘sha qadimiy davr suronini eshitgandek bo‘ldim.
Hamkasbim Lola bilan eski shahar ko‘chalarini obdon kezdik, tarixiy obidalarga uyg‘un solingan uylar, ko‘chalarga soya solib turgan 4-5 asrlik tut daraxtlari bizni maftun etdi. Buxoroning eski shahar qismida o‘xshashi yo‘q kanalizatsiya tizimini ko‘rib hayratlandik, qizig‘i, ikki metr chuqurlikda oqqan oqava suvlarning hidi umuman chiqmas ekan. Atrofida o‘sgan tut va qarag‘ay daraxtlarining eni to‘rt-besh qulochdan kammas. Tanasidagi kovagiga bemalol katta odam sig‘adigan tut daraxtining tagini supurib turgan qizdan suratga tushishga izn so‘radik. U faxrlanishini yashirmadi.
– Bu daraxt bizga ajdodlarimizdan meros, bobomning yettinchi ajdodi ekkan ekanlar, siz ko‘rib turgan ushbu uy ham qurilganiga 200 yildan oshgan, – deydi buxorolik qiz.
Ark! Arkni birinchi bor ko‘rgan kishining ko‘zlari kengayib ketarkan. Mahobatli binoni ko‘rgan har bir kishining qalbi junbushga kelishi aniq. Arkning ulkan yo‘lagidan tepaga ko‘tarilarkanmiz, guruh-guruh bo‘lib yurgan chet elliklarga duch keldik. Har bir koshinni silab ko‘rayotgan, har bir qadimiy buyumning yonida soatlab turib, tomosha qilayotgan fransuz, ingliz, xitoylik mehmonlarni ko‘rib, yana bir bor ko‘nglimiz faxr va iftixorga to‘ldi.
Arkdan o‘rin olgan do‘konlarga kiramiz. Buxoro zardo‘zligining beqiyos namunalari ko‘zni olaman deydi. Ajnabiy mehmonlar ularni silab-siypab, o‘z tillarida bu buyumlarning bebaho ekanligini e’tirof etishardi. Do‘ppiyu kamzulchalarni kiyib ko‘rishadi. Loy va gipsdan yasalgan haykalchalar, suvenirlar buxorolik hunarmandlarning nozik didining namunasidir. Turli taqinchoqlar har qanday malikaning qulog‘i va bo‘ynini bezashga arzigulik.
Hamkasblarimiz bilan Arkdan tushgach Buxoroning “Karvon” bozoriga yo‘l oldik. Bozor farovon, turli-tuman quruq va ho‘l mevalar ko‘zni qamashtiradi. Buxoroning mashhur sho‘rdanaklarini chaqib ko‘ramiz. O‘rik, olma turshaklari, qovun qoqi va yong‘oqdan, o‘rik, mayiz va yong‘oqdan tayyorlangan shirinliklar, mashhur Buxorocha holva – barchasi safar xaltamizdan joy olgach, darvoza tomon yuramiz. Buxoroda non arzon – katta-katta patir nonlar atigi 2500 so‘m. Toza suzmadan qilingan qurtlar besh donasi ming so‘m.
Arzonchilik sababini so‘rasak, Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri Adolat Akramova kulib, Buxoroda meva ham, g‘alla ham, sut-qatiq ham mo‘l ekanligini, shuning uchun arzon ekanligini aytdi. Haqiqatan ham, biz tushgan sog‘lomlashtirish maskani-yu ziyoratgohlarning atrofi mevazor bog‘lar – bu yerda nok, shaftolining hamma xili bor. Anjirlarni aytmaysizmi? Sap-sariq oltinday tovlangani ham, tusi qop-qora, ichi asalga to‘lgani ham bor.
Sayohat davomida bizga kelib qo‘shilgan Adolat Akramova bizni Labi Hovuz atrofidagi umumovqatlanish maskaniga taklif qildi. Hamkasbimiz taklif qilgan maskanga kirib, bino shifti va devorlarini bezagan naqshlardan lol qoldik. Bu yerga nafaqat taom yeyishga, balki tomosha qilishga kelish kerak ekan. Shundoqqina binoga kiraverishagi daraxtga osilgan taxtachada daraxtning 1447 yil ekilgani haqida ma’lumotni o‘qish mumkin. Qadimiy va go‘zal Buxoro O‘zbek davlati tojidagi haqiqiy javohir ekanligini bilardik, ammo, ko‘z bilan ko‘rgach, uning nafaqat javohir, balki Ko‘hinurdek betakror va bebaho javohir ekanligini e’tirof etdik.
Buxorodan qalbimiz shodlik va ko‘tarinkilikka to‘lib qaytar ekanmiz, bu taassurotlar bir umrga qalbimizga muhrlanib qoldi.
Go‘zalliklarga maftun bo‘lgingiz kelyaptimi, nozik va betakror buyumlar xarid qilmoqchimisiz, Buxoroga boring, do‘stlar, Buxoroga!
Zebo HAYDAROVA