O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligida
2018-01-19 | Siyosat
Joriy yilning 16-26 yanvar kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra ishlari vaziri taklifiga binoan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘.Hasanboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur davlatga xizmat safarini amalga oshirmoqda.
Delegatsiya Saudiyada Haj tadbirlarini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan idora va tashkilotlar bilan Jidda, Makka va Madina shaharlarida uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Belgilangan jadvalga muvofiq 17 yanvar kuni O‘zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi Bosh boshqarmasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Haj delegatsiyasi tomonidan Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi Bosh boshqarmasi rahbariyati va Saudiya Hukumatiga “Haj-2017” mavsumini namunali tashkil etgani uchun tashakkur izhor etilib, tegishli masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Shu kuni Jidda shahrida “al-Hidoya” shirkati rahbariyati Solih Bahvini va Usoma Toshkandiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida dolzarb masalalar, haj tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik ishlari muhokama etildi. Navbatdagi Umra va Haj mavsumlarida ziyoratchilarimizga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida Makka shahrida ijaraga olinishi rejalashtirilayotgan mehmonxonalar, u yerdagi hojilar uchun belgilangan xizmatlar va Mino, Arafot va Muzdalifada bajariladigan tashkiliy masalalar, bo‘yicha fikr almashildi.
18 yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Haj va Umra vazirligining Makka shahridagi qarorgohida Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra ishlari vaziri o‘rinbosari Abdulfattah Suliman Mashat tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda vazirlikning haj ishlarini tashkil etish bo‘yicha boshqa vazir o‘rinbosari va mutasaddilar ham ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Abdulfattah Suliman Mashat tomonidan o‘tgan haj mavsumida o‘zbekistonlik hojilarning Saudiya hududidagi amallarini tartibli va namunali tarzda bajargani, jumladan, ishchi guruhi faoliyatiga yuqori baho berilgani, kelgusi haj mavsumida ham birgalikda shunday yaxshi natijalarga erishishga umid bildirildi.
O‘zbekiston haj delegatsiyasi o‘tgan haj mavsumini tartibli va yuqori darajada o‘tkazishda ko‘rsatilgan yordam uchun shaxsan haj vaziri Solih Bentin janoblari hamda vazirlik tasarrufidagi barcha idora va vakilliklarga minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuvda delegatsiya rahbari O‘.Hasanboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi asosida muqaddas dinimizga, hususan, Islom ma’rifatiga berilayotgan yuksak e’tibor va hurmat, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etilishi va ziyorat turizmi bo‘yicha atroflicha ma’lumot taqdim etdi.
Shu kuni O‘zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Haj ishlari vaziri tomonidan tashkil etilgan qabul marosimida Haj ishlari vaziri Solih Bentin tomonidan O‘zbekiston buyuk allomalar yurti ekani alohida ta’kidlab o‘tildi. O‘zbekiston Haj delegatsiyasiga yuksak e’tibor ko‘rsatildi.
Shuningdek, Turkiya, Yevropa, Amerika va Avstraliya hojilari uchun xizmat ko‘rsatuvchi milliy muassasa hay’ati raisi Tariq bin Muhammad Anqavi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham oxirgi yillarda O‘zbekiston haj ishchi guruhi bilan muassasa o‘rtasidagi uzviy hamkorlik aloqalari takomillashib borayotgani, buning natijasida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning haj amallarini bajarishlarida qulaylik va yengilliklar yaratilayotganini ta’kidlab, o‘tgan haj mavsumida boshqa davlatlar orasida o‘zbekistonlik hojilarga yuqori baho berildi.
Hozirgi kunda delegatsiyaning tashrifi davom etmoqda.