O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamdardlik
2018-01-19 | Siyosat
Qozog‘iston Respublikasining Oqto‘ba viloyatida sodir bo‘lgan fojiali hodisa oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan xorijiy davlatlar rahbarlari nomidan hamdardlik maktublari kelmoqda.
Xorij davlatlari rahbarlari ko‘p sonli insonlar talofatiga sabab bo‘lgan, Qozog‘iston Respublikasining Aktyubinsk viloyatida ro‘y bergan fojiali hodisa munosabati bilan o‘z hamdardliklarini yo‘llashmoqda.
18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqoti chog‘ida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga o‘zining chuqur hamdardligini bildirdi. “Mana shunday musibatli kunda butun turk xalqi nomidan qardosh o‘zbek xalqiga sabr-bardosh tilab, marhumlarni Alloh taolo o‘z mag‘firatiga olishini so‘rayman”, deb ta’kidladi Turkiya rahbari.
Shuningdek, davlatimiz rahbari nomiga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan yo‘llangan samimiy hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash so‘zlari bitilgan maktublar keldi.
Hamdardlik nomalari kelishi davom etmoqda.