O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bir mahalla: Kimdir uyida tikuvchilik sexi ochgan, boshqasi beton g‘isht ishlab chiqarmoqda
2018-01-16 | Jamiyat
Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini ahli tadbirkorligi bilan ajralib turadi. Mahalla ko‘chalari obod, sarishta. 1 ming 212 xo‘jalik, 4 ming 700 dan ziyod aholi yashayotgan hududda o‘nlab savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tikuvchilik sexlari faoliyat yuritmoqda.
– O‘tgan yili ham hudud farovonligi uchun bir qator ishlarni amalga oshirdik, – deydi mahalla raisi G‘ayrat Avazmurodov. – Xususan, maktab va boshqa inshootlar atrofiga, ko‘cha bo‘ylariga 300 dan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 1,5 kilometrlik ta’mirtalab yo‘lga shag‘al yotqizildi. Lotoklar hashar yo‘li bilan loyqadan tozalandi. Homiylar va mahalla faollari yordami bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogiron fuqarolarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Mahalla faollari har bir xonadonga kirib aholining yashash tarzini o‘rganish, tomorqadan unumli foydalanish va uni daromad manbaiga aylantirish, xonadonlarda kasanachilik, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini doimiy yo‘lga qo‘ygan. Buning natijasida odamlar mo‘jazgina hovlisini gullatib, yashnatib qo‘yibdi. Kimdir ixcham issiqxona qurgan bo‘lsa, kimdir uyida tikuvchilik sexi ochgan. Boshqasi beton g‘isht ishlab chiqarmoqda. Ayni paytda mahallada 10 dan ziyod mana shunday tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri “Mansurjon Ahror” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ahror Qodirovdir.
– Faoliyatimizni 2008 yilda boshlaganmiz, – deydi Ahror aka. – Seximizda asosan beton g‘isht ishlab chiqariladi. 5 ish o‘rni yaratganmiz. Mavsum paytida kuniga 1,5 mingtagacha beton g‘isht ishlab chiqariladi. Uskunalarimiz biroz eski, shu bois energiya sarfi yuqori. Yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, energiya tejamkor zamonaviy texnologiyalar keltirishni rejalashtirganmiz. Bu seximiz faoliyatini yanada kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida uy sharoitida kasanachilik, milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanishlari uchun ham sharoit yaratilgan. Hozir bu yerda o‘nlab hunarmand ayollar uy sharoitida o‘zlariga o‘xshagan xotin-qizlarni atrofiga biriktirib, tikuvchilik, to‘quvchilik sirlarini o‘rgatmoqda.
– Tikuvchilik bilan shug‘ullanayotganimizga 10 yildan oshdi, – deydi “Shermatova Madina Muxtorovna” oilaviy tadbirkorlik korxonasi rahbari Madina Shermatova. – Avvaliga yakka tartibda faoliyat yuritdim. Keyinchalik buyurtmalar ko‘paygach, oilamdagilarni ko‘makka chaqirdim va oilaviy tadbirkorga aylandik. Ayni paytda buyurtmaga qarab 3-4 turdagi erkaklar kiyimi tikamiz va ichki bozorga chiqaramiz. To‘liq mahalliy xomashyodan foydalanamiz. Orttirgan daromad hisobiga so‘nggi rusumdagi 5 tikuv mashinasi xarid qildik. Bu esa mahsulotlarimiz sifatini yanada oshirdi. Kelajakda faoliyatimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Alisher Navoiy nomidagi mahallada bir kunimiz mana shunday o‘tdi. Qaysi xonadonga kirmang, bir o‘zgarish, yangilikning guvohi bo‘lasiz. Odamlar bugunidan, hayotidan mamnun, ertangi kunga ishonchi mustahkam.
O‘lmas Barotov, O‘zA