O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mardlik, matonat va jasorat ulug‘landi
2018-01-16 | Jamiyat
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar Amir Temur maqbarasida Qur’on tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan Sohibqiron haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Bayramning asosiy tadbiri shahardagi konsert zalida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat jamoatchiligi, Samarqand garnizoni harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, huquqni muhofaza qilish idoralari, siyosiy partiyalar vakillari, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini viloyat hokimi T.Jo‘rayev o‘qib eshittirdi.
Prezidentimizning 2018 yil 12 yanvardagi farmoniga ko‘ra, mamlakatimiz mudofaa qudratini yuksaltirish yo‘lida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlangan edi. O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizlik xizmati xodimlari M.Qodirov, T.Xoliqovga “Jasorat”, harbiy-qurilish yo‘nalishidagi Samarqand akademik litseyi o‘qituvchisi I.Yaxshiboyevga “Shuhrat” medallari Mudofaa vaziri o‘rinbosari A.Burxonov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni O.Saidov tomonidan tantanali topshirildi.
Shuningdek, bir guruh harbiy xizmatchilarga Mudofaa vazirligining faxriy yorliqlari, ichki ishlar xodimlariga “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni topshirildi. “Eng ilg‘or harbiy xizmatchilar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Bir guruh xizmatchilarga harbiy unvonlar berildi.
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Vatan himoyachilarining xizmatni o‘tash va yashash joylaridagi ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, rezervga bo‘shatilgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani biz, harbiy xizmatchilarga ruhan madad berdi, - deydi mukofotlanganlar nomidan podpolkovnik unvoni sohibi B.Zulfiqorov. – Ya’ni, harbiy xizmatchilar uchun yangi turarjoylar qurish, mavjud turarjoy fondini ta’mirlash, zamonaviy harbiy shaharchalar barpo etish va rekonstruksiya qilish, uzoq muddatli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish imkoniyati yaratildi. Bugun navbatdagi unvonni qabul qilib olar ekanman, bildirilgan ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi va farovonligi, farzandlarimiz kelajagini himoya qilishdek ulkan mas’uliyatni ham zimmamga oldim.
Tadbirda Samarqand viloyatidan hamda poytaxtdan tashrif buyurgan san’at ustalari, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari badiiy jamoalarining konsert dasturi namoyish etildi.
***
Shu kuni viloyat jamoatchiligi vakillari Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Jasorat” medali bilan taqdirlangan, o‘z xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on tumani yong‘in xavfsizligi bo‘limi harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi katta yong‘in o‘chiruvchisi Alibek Shodmonov xonadonida bo‘lishdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Sh.Qulmatov yurt osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan o‘g‘lonlarning jasorati, sharafli nomi unutilmasligi haqida so‘z yuritdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latov davlatimizning yuksak mukofotini marhumning otasi Abduhakim Shodmonovga topshirdi.