O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar eshitildi
2018-01-16 | Jamiyat
Samarqandda Prezidentimizning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat, tumanlararo va shahar sudlari sudyalari, viloyat prokuraturasi, advokatlar palatasi hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari va jamoatchilik vakillari, mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi M.Tojiboyev, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi O.Hayitov va boshqalar Prezidentimiz Murojaatnomasida bayon etilgan fikrlar, belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, mamlakatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.
Tadbirda, shuningdek, ma’muriy sudlarning tashkil etilishi omillari, protsessual qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, mulkka nisbatan egalik huquqining vujudga kelish asoslari va uni rasmiylashtirish tartibi, uy-joylar davlat va jamoat ehtiyoji uchun olinganda beriladigan imtiyoz va kafolatlar kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Notarial va FHDYo idoralari tizimini takomillashtirish, pensiya ta’minoti bilan bog‘liq nizolarni hal etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha taklif va mulohazalar tinglandi.