Mamlakatimizdan chiqishga ruxsat olish uchun oylab kutishga to‘g‘ri keladi. Shu bois biz ba’zida yillab Vatanga, ota-onamiz va qarindoshlarimiz yoniga bora olmaymiz
Bunday fikrlar 2018-yilgi Davlat dasturi loyihasining 27-bandi, ya’ni fuqarolarning xorijga chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha fuqarolar qoldirayotgan izohlarda uchraydi. Loyihaning mana shu qismi eng ko‘p muhokama qilinayotgan “propiska” masalasidan keyin 2-o‘rinni zabt etib turibdi.
Izohlarning ayrimlari bilan tanishsak:
Rustam Qosimjonov: “Xorijga chiqish stikerini to‘liq bekor qilish - fuqarolarning konstitutsiyaviy erkinligini ta’minlaydi. Chunki fuqarolarning davlat idoralarida kunlab vaqt yo‘qotishi, mablag‘ sarflashi, davlat byudjetining ma’lum qismi bu keraksiz byurokratiyani amalga oshiruvchi davlat organlari faoliyatiga xarjlanishi davom etyapdi. Xorijga sayohat uchun amaldagi fuqarolik pasportini saqlab qolish (stiker olish talabini bekor qilgan holda), mamlakat ichida yashash, harakatlanish uchun ID-kartalarning joriy etilishi - juda ham to‘g‘ri va jamiyatni rivojlantirishning amaldagi Harakatlar strategiyasi maqsad va mohiyatiga mos bo‘ladi, deb hisoblayman.
Shukrullo Abduvaliyev: “ID-karta joriy qilinishini to‘g‘ri yechim, deb hisoblayman. Faqat bu kartaning foydalanish sohasini kengaytirish zarur. Masalan, avtomobil boshqarish ruxsatnomasi vazifasini ham shu ID-kartadagi tegishli yozuv bilan belgilansa yaxshi bo‘lardi.
Shuhrat Mardonov: ID kartalar muddati va unga beriladigan raqam muhim ahamiyatga ega. Hozir esa pasport almashtirilganda uning raqami ham almashadi. Xuddi bu raqam fuqaro uchun ahamiyatga ega emasdek. Bu esa fuqarolar ma’lumotlar bazasini tez-tez yangilab turishga olib keladi. Beriladigan karta qancha ko‘p almashtirilmasin raqamni almashtirmaslik kerak va beriladigan xorijga chiqish pasporti bilan integratsiyasini yo‘lga qo‘yish kerak, deb o‘ylayman.
Rustam Boltayev: Mamlakatimizdan chiqishga ruxsat olish uchun oylab kutishga to‘g‘ri keladi. Shu bois biz ba’zida yillab vatanga, ota-onamiz va qarindoshlarimiz yoniga bora olmaymiz. Chunki ish joyimizdan oylab O‘zbekistonda OVIRni kutib yurishimizga rozi bo‘lmaydi. OVIRning hujjatbozligi esa odamni ezib yuboradi. Hujjat beruvchi amaldorlarning qosh-qovog‘iga qarab, iltimos-iltijo qilib, eshigini tagida kunlab kutib, sarg‘ayib yurish xalqimiz sha’niga loyiq ish emas.
Adhamjon Tolakov: ID-kartani qo‘llab-quvvatlayman. Lekin shu kartani iloji bo‘lsa ko‘tarib yuradigan variantdan tashqari elektron shaklda, masalan telefon yoki planshetda ham olib yuradigan qilib yaratish kerak.
Sherzod Eraliyev: OVIR stikerining bekor qilinishi - O‘zbekiston fuqarolari konstitutsiyaviy huquqlarining qog‘ozdamas, amalda ta’minlanishi tomon qo‘yilgan juda jiddiy qaror bo‘ladi.
J.Nematov: ID-karta tizimi juda to‘g‘ri. Yo‘qolib qolsa ham tez tiklash mumkin. Plastik kartochkaga o‘xshab.
Asqar Mirusmonov: Men bu taklif amalga oshishiga ishonmayman. Baribir ayrim idoralar o‘z manfaatini ko‘zlab bilganini qiladi. Zamonaviy fikrlaydigan, xalqparvar davlat xizmatchilari, shu qatorda xalq xizmatida bo‘lgan Prezidentim bularga bas kela oladimi?!
Zafar Mamatov: Mening fikrimcha ID-kartani davlat soliq organlari tomonidan beriladigan STIR bilan ham bog‘lash kerak.
Aloviddin Sadritdinov: Bu chora-tadbirning amalga oshishini yurtimizning buyuk kelajak sari qo‘yilgan yana bir muhim qadam, deb baholash mumkin.
Orif Usmanov: Juda zo‘r ish bo‘lardi, xalqimizga ancha yengilik bo‘lardi.
Bu borada mulohazalaringiz bormi? Fikr-mulohaza va takliflarni O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida qoldirish mumkin.
Norgul Abduraimova, O‘zA