O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalq va armiya yakdil

2018-01-12 | Jamiyat

Mustaqillik yillarida xalqimiz erishgan eng katta boylik, hech shubhasiz, tinch-totuv hayotimizdir. Ana shu osoyishta va barqaror hayotning mustahkam qalqoni – milliy armiyamizning barpo etilishi bilan uzviy bog‘liq.

Shu o‘rinda 1992 yil 14 yanvar kuni davlatimizning Birinchi  rahbari Islom Karimov tomonidan mamlakatimiz hududidagi barcha Qurolli Kuchlarni O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingani va o‘sha kundan boshlab milliy armiyamizga asos solinganini faxr bilan qayd etish joiz.

O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga mos Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Qurolli Kuchlarni isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturga muvofiq amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan milliy armiyamizni shakllantirish va boshqarishning sifat jihatdan mutlaqo yangi tizimiga o‘tish imkonini berdi. Qisqa vaqt ichida harbiy okruglar, chegara hududlari va maxsus operatsiyalarga ixtisoslashtirilgan qismlar tuzildi. Milliy armiyamizni bosqichma-bosqich va tizimli ravishda shakllantirishda mamlakatimizning mintaqada va dunyoda tutgan geostrategik va geosiyosiy o‘rni, xavfsizligimizga qarshi qaratilgan jiddiy tahdid va xatarlar, ayniqsa, xalqaro terrorizm, diniy eks­tremizm, narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi balo-qazolar hisobga olindi. Bugungi kunda milliy armiyamiz jahon harbiy qurilishining eng ilg‘or tajribalarini, jangovar an’analarimizni o‘zida mujassam etgan.

Islohotlarning eng muhim natijasini armiyadagi axloqiy-ruhiy, ma’naviy muhitning butunlay yangilanganida, jamiyatimizda armiyaga va harbiy xizmatga nisbatan yondashuv tamomila o‘zgarganida yaqqol ko‘rish mumkin. Yigitlarimiz uchun harbiy sohada xizmat qilish, nafaqat faxrli burch, balki yuksak shon-sharafga aylandi. Bugun barcha ota-onalar o‘z farzandlari voyaga etgach, uning Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilishini niyat qilishmoqda.

Qurolli Kuchlar sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq, bugungi kunda biz, Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga, xalqimizning tinch va osuda hayotiga tahdid soladigan har qanday urinishlarga qarshi keskin zarba berishga qodirmiz. Bu masalada hech kimda hech qanday ikkilanish va shubha bo‘lmasligi lozim. Bunga bizning kuchimiz ham, qudratimiz ham etarli”.

Istiqlol yillarida Vatan himoyachilari kunini katta bayram, buyuk va muqaddas Vatanimiz taqdirini o‘z taqdiri deb bilgan mardlar bayrami sifatida keng nishonlash an’anaga aylandi. Zero, bayram millat taqdiri va hayotiga daxldor bo‘lsagina, uning shukuhi va ruhi xalqning ko‘nglidan, ma’naviyatidan chuqur joy oladi.

Buning yaqqol isboti sifatida shu kunlarda yurtimizning barcha viloyat, tuman va shaharlarida o‘tkazilayotgan “Milliy armiya – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir!” shiori ostida Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 26 yillik bayramiga bag‘ishlangan turli xil tadbirlarni e’tirof etish mumkin. Harbiy-vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir  Farg‘ona shahrida ilk bor yoshlarning festival-aksiyasi sifatida o‘tkazildi. Unda 10 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Festival doirasida Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligining zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalari ko‘rgazmasi, harbiy orkestr va estradamiz yulduzlarining konsert dasturi barchada yorqin taassurot qoldirdi. Bu xususiyatlar yoshlarimizni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiya topishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

T.Irgashev,

Sharqiy harbiy okrug

qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik.

Поделиться