O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qozog‘iston yuk avtotransport vositalari va avtobuslaridan undiriladigan yig‘imlar bekor qilindi
2018-01-12 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan dunyodagi barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda qo‘shni mamlakatlar bilan samarali aloqalarimiz yanada mustahkamlanib bormoqda.
Mamlakatimizga kirish darvozalari hisoblangan o‘tkazish punktlari orqali ikki davlat fuqarolarini va tashuvchilarni erkin o‘tib qaytishlarini ta’minlash maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasining joriy yil 11 yanvardagi buyrug‘iga muvofiq Qozog‘iston yuk avtotransport vositalari va avtobuslari respublikamizga kirib kelishida undirilishi belgilangan “karantin ishlovi uchun” va “o‘tkazish punkti orqali kirganligi uchun” belgilangan yig‘imlar undirilishi bekor qilindi.
Mazkur ichki idoraviy hujjatga muvofiq chegara bojxona postlarida tovarlar va transport vositalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilishida turli to‘siq va sansalorliklarga yo‘l qo‘ymaslik, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini o‘rnatilgan tartibda, tezkorlik bilan amalga oshirish, bojxona nazoratini amalga oshirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, skaner qurilmalari va boshqa nazorat texnikalaridan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ikki davlat o‘rtasida 2017 yilda tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga asosan 2018-2019 yillar davomida o‘zbek-qozoq chegaralarida joylashgan “xalqaro” maqomidagi hamda ish hajmi keng bo‘lgan o‘tkazish punktlarini rekonstruksiya qilish orqali ularning o‘tkazish qobiliyatini yanada oshirish, katta hajmdagi rentgen-skaner apparatlari, radiatsion-nazorat tizimlari bilan jihozlash, videokuzatuv tizimini yanada yaxshilash, avtotransport vositalarining davlat raqamlarini aniqlash va yuk tashuvchi transportlarning og‘irligini aniqlaydigan zamonaviy qurilmalarni o‘rnatish nazarda tutilgan.
Bu esa chegarada joylashgan o‘tkazish punktlarida jismoniy shaxslarning piyoda yoki shaxsiy avtomobillaridagi harakati, shuningdek ikki qo‘shni davlat hududlaridan o‘tuvchi yuk tashuvchi, jumladan tranzit harakatlanayotgan transportlar uchun ham tez va qulay harakatlanishida yanada keng imkoniyatlar yaratadi.